Bugungi suhbatdoshimizni muxlislar anchayin sog`ingan bo`lsa ajabmas. Ma`lum vaqt o`zini oilasi, farzandlariga bag`ishlagan bu ijodkor yana katta sahnaga qaytdi. Shu munosabat bilan xonanda SOGDIANA bilan suhbat qilishga qaror qildik...
— Sogdiana, yana ijodga qaytganingizdan hursandmiz!
— Rahmat! Yana sahnaga qaytganimdan o`zim ham juda baxtiyorman.
— Bunday katta ijodiy tanaffusning boisi nimada edi?
— Ona sifatida farzandlarimga kerak edim! Yaxshigina vaqtni oladigan turli gastrol, konsert, s`yomka, umuman tayyorgarliklardan ortib bolalarimga vaqt ajratolmasligimni angladim, xolos. Ko`pchilik san`atkorlarga oson tutadi, “sahnaga chiqadi, qo`shig`ini kuylaydi, tamom”, degan fikrda. Lekin bu noto`g`ri qarash! Aslida ikki og`iz so`z bilan aytiladigan ishlar juda ko`p vaqt, kuchni talab etadi.
— Ayni damda qanday yangiliklar ustida ishlayapsiz?
— Rosti, ish, farzandlar, onalik vazifalarim, uy ishlari va albatta ijodiy rejalarni amalga oshirish bilan bandman. Ijodiy tanaffusdan keyingi qo`shig`imni deyarli yozib bo`ldim. Navbatdagisi ustida mustaqil ishlayapman, shuningdek, yangi kompozisiya ustida bosh qotiryapman. Nasib etsa, kuz oylarida yangi ijod na`munalarimni muxlislarga havola etaman.
— Muxlislarga havola etgan “Molniya” nomli qo`shig`ingizning g`oyasi kimga tegishli?
— Bu qo`shig`im yangi hamkorlarim Timur Yolqin va Aleksandr Kovalyov qalamiga mansub. Ochig`i, hech kimga murojaat qilganim yo`q, “Molniya”ni ularning o`zi menga taklif qilishdi. Qo`shiqning o`zi meni topdi, desam yanglishmagan bo`laman. Avvaliga qo`shiqni turli uslubda yozib ko`rdim. Chunki Sogdianani evropacha uslubda muxlislar qarshisiga olib chiqmoqchi edik-da! So`ng mualliflar qo`shiqni qanday ko`rgan bo`lsa, shunday yozib ko`rdik. Aniqrog`i, sharqona ohanglarsiz. Lekin qo`shiqni eshitgan yaqinlarimiz “qo`shiq zo`r, lekin unda Sogdianani ko`rmayapmiz! Uni sog`inganmiz”, deyishdi. Shunday so`ng qo`shiqqa ozgina arabcha ohang berib, sharqona uslubda qayta yozdik. Fursatdan foydalanib, qo`shiq mualliflariga o`z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. “Molniya” menga mos tushgan, shu sabab konsert dasturimdan albatta o`rin oladi. Hozir xit-paradlarda ketma-ket birinchi o`rinni egallab kelmoqda.
— Klip borasida nega aynan rejissyor Irina Mironovada to`xtaldingiz?
— Uzoq yillik ijodiy tanaffusdan so`ng eksperiment qilishni xohladim. Bugunga qadar juda ko`p ijodkorlar bilan ishladim. Lekin ayni damda ijodimga yangicha dunyoqarash olib kirishni istadim. Ko`plab rejissyorlarning ishlarini ko`rib chiqib, aynan Irina Mironovada to`xtaldim. Uning ishlash uslubi yoqdi. Hamkorligimiz natijasi kutganimdan ham a`lo darajada bo`ldi.
— “Molniya” qo`shig`iga ishlangan klipingizning suratga olish ishlarini tugatganingizga ko`p bo`lmadi. Aytingchi, klipda nimaga ko`proq urg`u berdingiz?
— Klip trek yo`nalishida. Shu sabab chiroq, liboslar va pardozga alohida e`tibor qaratdik. Ko`plab eksperimentlar qilgandik, ba`zilari klipga kiritilmadi. Chunki ish jarayonida yangi g`oyalar tug`ildi-da! Nazarimda, klip qiziqarli chiqdi.
— Duetlar borasida ham o`ylab ko`rgandirsiz?
— Oldindan bir nima deyolmayman. Chunki rejalarim o`zgarib, bugungi qarorlarim yo`qqa chiqishi mumkin. Natijada hammaga nima sabab bunday bo`lganini tushuntirib o`tirishga to`g`ri keladi. Bu ish va hamma narsa bo`lishi mumkin. Ayta oladiganim jarayon qizg`in ketyapti.
— Yanglishmasam, yangi albom ustida ham ish boshlab qo`ygansiz-a?
— Albatta! Hozircha albom qanday bo`lishini bilmayman. Lekin unga sevim tinglanadigan “Tolko ne molchi” kabi qo`shiqlarim kiritilgan. Shubhasiz, albomdan “Molniya” ham o`rin egallaydi. Rayhon bilan duetimiz bor… Sirlarni ochadigan bo`lsam, “Na rasstoyanii ruki” va “Lyubit tebya” nomli yangi qo`shiqlarim muxlislarga manzur bo`ladi, degan umiddaman.
— Albomda qanday mavzularga ko`proq e`tibor qaratyapsiz?
— Qo`shiqlarimning asosiy mavzusi — sevgi! Biroq u faqat qarshi jins vakillariga qaratilgan emas, balki ota-ona, farzandga bo`lgan muhabbat haqida. Odamda samimiy tuyg`ularni uyg`otadigan eng yaqin insonlarim haqida kuylagim kelyapti.
— Ijodga qaytgach, oldingizga aniq maqsadlar qo`yib olgandirsiz?
— Birinchi galda konsert dasturimga alohida e`tibor qaratyapman. Muxlislarni kuttirmay, tez orada yakkaxon dasturim va yangi albomimni taqdim etaman.
— Konsert haqida so`z ochdingiz. Demak, talaygina sovg`alar bo`lishi tayin, shundaymi?
— Syurprizlar haqida gapirishga hali erta. Hozircha eng muhim fakt bu — konsert qiziqarli bo`ladi. Dastur, raqslar, liboslar… barchasini ko`ngildagidek qilishni istayapman.
— Nima sabab ijodingizni O`zbekistanda davom ettirmayapsiz?
— Juda g`alati savol. Ijodimni vatanimda davom ettirib, o`zbek tilida qo`shiqlar yozyapman. Masalan, “Ne molchi” qo`shig`im ikki tilda yozilgan. Rayhon bilan ham duet kuyladik. Bor kuchni qaerda bo`lmasin ijodimni rivojlantirishga qaratyapman. O`zbekistonni juda yaxshi ko`raman! Shu sabab ham “Fabrika”dan keyin Rossiyada muhim loyihalarda ishtirok etmay, yurtimga qaytdim. Va o`zbek filmida suratga tushdim, konsert berdim... Qarshimda ikkita tanlov bor edi: biri Rossiyada qolish va O`zbekistanga qaytib ijod qilish. Shubhasiz, yurtimga qaytishni lozim topdim!
— O`zga yurtda ham muxlislar orttirish, sevimli bo`lish hammaga ham nasib etmaydi. Buning uddasidan chiqqaningiz bilan sizni tabriklaymiz!
— Rahmat! Bunday e`tirof eshitish chindan yoqimli!
— Qaysi davlatdagi mashhurligingiz siz uchun qadrli va nima uchun?
— Ijod, san`at chegara bilmaydi, u odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Har bir muxlis men uchun qadrli. Lekin Vatanim — baridan muhim!
— Hamkasblaringizning ijodini kuzatib borasizmi?
— Yangiliklardan boxabar bo`lib turishga harakat qilaman. Ayniqsa, Rayhonning ijodiga qiziqaman. U mening yaqin dugonam, Rayhon ham inson, ham ijodkor sifatida hurmatga loyiq! Rayhonning yutuqlari doim meni quvontiradi.
— O`g`illaringiz Arjun va Mikail haqida batafsil to`xtalmadingiz?
— Katta o`g`lim Arjun matematik bo`lsa kerak, fenomenal xotirasi kuchli. Hamma narsa yodida turadi. Bir yarim yil avval AQShdagi bir teatrda bo`lgandik. Agar hozir Arjundan qaysi sanada soat nechida borganimiz va nechanchi qator va o`rindiqda o`tirganimizni so`rasangiz, o`ylanmay aniq aytib beradi. Ikkala o`g`lim ham ingliz maktabida o`qishadi. Katta o`g`lim ingliz tilida bemalol gaplasha oladi. Mikail esa, raqs tushishni, sportni yaxshi ko`radi. Bog`chada qizlarni shu qadar hurmat qiladiki, qizchalar ham uni juda yaxshi ko`rishadi (kuladi).
— Farzandlaringiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— Baxtli bo`lishlarini istayman!
— Suhbatimiz so`ngida nimadir demoqchisiz, shekilli?
— Albatta! Hammaga tinchlik va ko`ngil hotirjamligini tilamoqchiman. Muxlislarimizning oilalari baxtga to`la bo`lsin!
Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi