Yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta`lim maktablari o`quvchilarini asosiy turdagi o`quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta`minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha respublikamizda jami 1885 ta maktab yarmarkalari tashkil etildi.
Maktab yarmarkalarining 979 tasi umumiy o`rta ta`lim maktablarida (ularga 6298 ta maktablar biriktirilgan) tashkil etilib, ulardan 2,8 mln nafar o`quvchi, 232 ta akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o`tkaziladigan yarmarkalardan 1,5 mln nafar o`quvchi, 398 ta aholi gavjum bo`lgan bozorlarda, 276 ta yirik savdo majmualarida tashkil etiladigan yarmarkalardan qariyb 1,7 mln nafar o`quvchilar foydalanadi. Olis va borish qiyin bo`lgan tog`li hamda cho`l hududlarga 130 ta ko`chma avtodo`konlar xizmat ko`rsatadi.
Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o`quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Mazkur mahsulotlarning aksariyat qismi yurtimizda ishlab chiqarilgan bo`lib, hozirda 6 mln. nafar o`quvchilar uchun ehtiyojlar zahirasi shakllantirilmoqda.
Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.
Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O`zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O`zbekengilsanoat” kompaniyasi, “O`zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, “Sharq” kompaniyasi etkazib beradi. Etkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong`indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Yarmarkalar tashkil etiladigan ta`lim muassasalarining hovli va foyelarida alohida joylar ajratilib, zarur javonlar bilan jihozlangan.
Yarmarkalarda savdo ishlarini amaldagi soliq va bank qonunchiligiga to`liq rioya qilgan holda o`tkazish hamda aholiga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida savdo tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarida 1885 ta barcha turdagi to`lov terminallari o`rnatilishi belgilandi.