Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqich musobaqalari o`tkazildi. Dunyoning 26 davlati vakillari ishtirokida o`tgan mazkur musobaqada Vatanimiz sharafini Elizavetta Nazarenkova hamda Jamila Rahmatovalar himoya qilishdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati sayti xabar beradi.
Saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan har ikki sportchimiz, hal qiluvchi final bosqichida garchi sovrinli o`rinlarni egallamagan bo`lsalarda mahoratli sportchi ekanliklarini namoyon eta olishdi.
Elizavetta Nazarenkova to`p va bulava bilan mashq bajarishda beshinchi o`rinni, tasma bilan bajariladigan mashqda 7-o`rinni egalladi. Tasma bilan bajariladigan mashqlarda Jamila Rahmatova 8-o`rinni egalladi.
Jamoaviy bahslarda Luiza Ganieva, Olga Kiryakova, Zarina Kurbanova, Marta Rostoburova, Evgeniya Larionova va Samira Amirovalardan iborat O`zbekiston terma jamoasi dunyoning 18 ta eng kuchli terma jamoalari orasida 10-o`rinni egallashdi.
Ma`lumot uchun shuni aytib o`tish lozimki, Jahon kubogining so`nggi bosqichi 5-7 sentyabr kunlari Qozon shahri (Rossiya)da o`tkaziladi. Shundan so`ng sportchilar 21 sentyabr kuni Turkiyaning Izmir shahrida boshlanadigan jahon chempionati bahslariga tayyorgarlik ko`radilar.