1

Qutlug` kunlardagi xalqaro anjuman: munozaralar, mushohadalar, kashfiyotlar...

Jamiyat 20.06.2018, 15:11
Qutlug` kunlardagi xalqaro anjuman: munozaralar, mushohadalar, kashfiyotlar...

6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro kongressi bo`lib o`tdi.

Xalqimizning boy va betakror merosini yanada kengroq targ`ib etish va chuqur o`rganishga bag`ishlangan ushbu nufuzli anjuman O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi (O`zEOVMA), Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va Islom sivilizasiyasi markazi, “Eriell Group” xalqaro neft sohasida xizmat ko`rsatuvchi kompaniyasi, “Zamon press info” nashriyot uyi hamkorligidao`tkazildi.

Unda dunyoning qirqqa yaqin davlatidan 200 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, mashhur muzeylar vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi. Anjuman taassurotlari xususida “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasi rahbari, O`zEOVMA raisi Firdavs Abduxoliqov bilan suhbatlashdik.

Muborak kunlardagi munavvaranjuman

— Qutlug` Ramazon oyining so`nggi o`n kunligida o`tgan Kongressishtirokchilar tomonidan O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati ta`sis etildi. Sizni ushbu jamiyatraisi etib saylanganingiz bilan muborakbod etamiz.

Albatta, bildirilgan yuksak ishonch uchun kongress ishtirokchilariga minnatdorlik bildiraman. Zimmamdagi sharafli va mas`uliyatli vazifalarni sidqidildan ado etishga harakat qilaman. Ta`kidlash kerakki, shu paytga qadar dunyo bo`yicha bunday tuzilma bo`lmagan. Bundan keyin ham ijodiy guruhimiz, xorijdagi hamkorlarimiz bilan birga madaniyatimiz, ajdodlarimiz merosini keng miqyosdagi o`rganish va targ`ib etishda davom etamiz.

Aytish lozimki, bu kongress mamlakatimizda xalqimiz madaniy merosini asrab avaylash va keng targ`ib etishga qaratilayotgan yuksak e`tibor samarasi bo`ldi. Kongress barcha musulmonlar uchun qutlug` kunlarda, Ramazon oyining so`nggi o`n kunligida o`tkazildi. Xalqimizning madaniy merosi ham Islom dini bilan chambarchas bog`liq.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ham BMTning yuksak minbaridan turib, butun dunyo jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazish, ma`rifiy islom g`oyalarini keng targ`ib etisheng muhim vazifamiz ekanini ta`kidlaganlar.

— Demak, mazkur kongressning asosiy maqsadlaridan biri ham aynan ma`rifiy islom va uning insonparvarlik g`oyalarini aks ettirish ekan-da?

To`g`ri. Kongress davomida yurtimizdagi Islom sivilizasiyasi, dinimizning insonpvarlik g`oyalariga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglandi. Ana shu yo`nalishdagi filmlar, kitoblar taqdimoti o`tkazildi, qator ko`rgazmalar tashkil etildi.

Ushbu kongress yurtimiz madaniy hayotida ham, ishtirokchi olimlar, mutaxassislar, biz bilan hamkorlik qilgan muzeylar va ilmiy muassasalar uchun ham juda foydali bo`ldi. Xalqimiz madaniyati va tarixini tadqiq qilayotgan olimlar yangidan-yangi ma`lumotlarga ega bo`lishdi, hamkasblari bilan o`zarofikr almashishdi.

Kongress kunlari Sankt-Peterburgda ochilgan ko`rgazmalar Rossiyada o`tadigan futbol bo`yicha Jahon chempionati kunlari ham o`z ishini davom ettiradi. Demak, minglab futbol muxlislari shahar muzeylariga sayohat asnosida xalqimizning boy va betakror madaniyati, shuningdek, Islom madaniyati va ma`rifatibilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`ladilar.

“Muzey omboridagi durdonalar”

— Kongress doirasida Sankt-Peterburgdagi oltita muzeyda O`zbekistonga oid ko`rgazmalar tashkil etildi. Ular orasida Davlat din tarixi muzeyidagi ko`rgazma o`ziga xos tarzda o`tdi. Ochig`i, u erda O`zbekistondagi islom madaniyatiga oid eksponatlar borligi hayratlanarli.

— Din tarixi davlat muzeyi – o`ta ixtisoslashgan muzey. Qizig`i, muzeyxodimlari uningfondida saqlanayotgan “o`zbekona” eksponatlaridan bexabar ekan. Biz ikki yil ilgari ularga O`zbekiston madaniy merosiga oid eksponatlarni ko`rsatishni so`raganimizda, elka qisishdi: “Nima uchun bizda shunday eksponatlar bor deb o`ylayapsiz?”. “Siz nima uchun yo`q deb o`ylayapsiz? Xorijdagi boshqa muzeylarda ham shu masalada murojaat qilganimizda ham shunaqa deyishgandi. Muzeylarningzahira fondlarini o`rganganimizda ko`plabqimmatli ashyolarni topganmiz, sizam yaxshilab qarab ko`ring”, dedik. Ular rozi bo`lishdi.

— Natija qanday bo`ldi?

— Muzey fondidan birin-ketin juda antiqa buyumlar topila boshladi. Xodimlar har bir topilma haqida bizga ma`lumot berib turishdi. Ular hatto Buxoro amirining zardo`zi choponini ham topishdi. Minoralar, gumbazlar, hujralarnin me`moriy chizmalarini aytmaysizmi? Eng qizig`i, muzey fondlaridan o`rta osiyolik darvishlarga oid ko`plabbuyumlar, o`tgan asrlarga oid suratlarni ham topdik.

Mazkur muzeydan nafaqat islom, balki O`zbekiston hududidan topilgan zardo`shtiylik, buddaviylik, yahudiylik dinlariga oid eksponatlar ham o`rin olgan. Bu esa, azal-azaldan Vatanimizda diniy bag`rikenglik an`analari mavjud bo`lganini ko`rsatadi.

Bebaho meros – shohona tuhfa

— O`zbekistondan kelgan ko`plab olimlar kongress doirasida Islom olamidagi eng tabarruk qo`lyozmalardan biri, Rossiya fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanayotgan “Katta Langar Qur`oni”ning asl nusxasi bilan ham tanishishdi. Ushbu nodir durdona haqida ham to`xtalib o`tsak.

Bugun dunyoning turli hududlaridaQur`oni karimning besh dona eng qadimiy mo``tabar nusxalari saqlanmoqda. Shundan ikkitasi bevosita O`zbekistonga tegishli. Birinchisi Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan “Usmon mushafi” bo`lsa, ikkinchisi mana shu, “Katta Langar Qur`oni” hisoblanadi.

Mazkur qo`lyozma, pergamentda, Ko`fiy-hijoziy xat turida, o`n uch asr ilgaribitilgan. Dastxatdagi farqlarga qaraganda, bu qo`lyozma ikkita kotib tomonidan ko`chirilgan.

— Qo`lyozmaning qadimiy ekani qanday isbotlangan?

— 2000 yilning may oyida Gollandiyaning Groningen universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo`lyozma namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o`tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko`ra, qo`lyozma VIII asrning so`nggi choragiga tegishli, degan to`xtamga kelishgan.

Taxminlarga ko`ra, qo`lyozmaning umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi etib kelgan. Qo`lyozmaning 81 sahifasi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu.Krachkovskiyning yozishicha, bu qo`lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.

Qo`lyozmaning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qismida Qur`oni Karimning 44 ta surasi oyatlari o`rin olgan. Biz tayyorlagan faksimile nusxasiga manbaning aynan Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanayotgan qismi asos qilib olingan.

O`zbekistonda mazkur qo`lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo`lib, shundan bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo`lyozmalari markazida, bittasi O`zbekiston Musulmonlari idorasida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida, 12 varag`iKatta Langar qishlog`ida saqlanadi.

— Qo`lyozmaning qolgan qismi qaerda bo`lishi mumkin?

— Bu hozir oldimizdagi eng katta jumboqlardan biri bo`lib turibdi. Ma`lumotlarga ko`ra, sahifalar uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Katta Langar qishlog`ida saqlangan. Qo`lyozmaning bir qismi o`tgan asr boshlarida O`zbekistondan noaniq sabablarga ko`ra olib chiqib ketilgan. O`tgan asrning saksoninchi yillari boshida O`zbekistonda diniy va milliy qadriyatlarga qarshi kurash boshlangach, tegishli idoralarning ko`rsatmasiga binoan Katta Langar ziyoratgohidagi tarixiy buyumlar, qadimiy qo`lyozmalar ham musodara qilingan. O`sha yillarda qishloq oqsoqollaridan biri qo`lyozmaning 12 sahifasini asrab qolishga muvaffaq bo`ladi. Mustaqillik yillarida ushbu muborak sahifalar yana Katta Langar ziyoratgohiga qaytarildi.

Efim Rezvan aytganidek, “Katta Langar Qur`onining qolgan qismlari O`zbekistonda, kimlarningdir xonadonida shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan bo`lishi mumkin”.

Hozirga qadar qo`lyozmaning yana 109 sahifasi yo`qolgan deb qaralardi. Anjuman davomida yana bir yangilikka duch keldik. Kongressda ishtirok etgan O`zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova xuddi shu kitobning bir sahifasi Davlat Bojxona qo`mitasi tomonidan muzeyga topshirilganini aytib qoldi. Bu sahifani mamlakatimiz hududidan olib chiqib ketishmoqchi bo`lgan paytda to`xtatib qolishgan.

Biroq, bojxona xodimlari milliy merosimizni asrashga yanada ko`proq yordam berishlari, madaniy yodgorliklarimizning hech birini tashqariga olib chiqilishiga yo`l bermasliklari lozim.

— Kongress doirasida ushbu qo`lyozmaning faksimile nusxalari Sankt-Peterburgdagi qator madaniy-ma`rifiy muassasalarga sovg`a qilindi. Faksimile o`zi nima degani?

— “Faksimile” so`zi lotin tilidan so`zma-so`z tarjima qilinganda, “o`xshashini yasa” degan ma`noni beradi. Nodir qo`lyozmalar, suratlar, hujjatlardan xuddi aslidagidek ko`rinishda ko`chirilgan nusxalar faksimile deb ataladi. Bugungi kunda turli davlatlarda ana shunday nusxa ko`chirish bilan shug`ullanuvchi korxonalar faoliyat ko`rsatadi.

Biz “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasi doirasida bir qator nodir qo`lyozmalarning faksimile nusxalarini eng so`nggi texnologiyalar yordamida tayyorlab, mamlakatimizdagi nufuzli dargohlarga hadya qildik. Bunda bizga Avstriyadagi Mueller & Schindler nashriyoti yaqindan yordam berdi.

“Katta Langar Qur`oni” nusxasi ham ana shu nashriyotda tayyorlangan. Nashriyot uyi vise-prezidenti Aleksandr Vilgelm bilan bu nodir nusxa ustida uzoq vaqt ish olib bordik. Sharq qo`lyozmalari institutida saqanayotgan asl nusxadagi har bitta chizgi, har bitta dog`ni aslidagidek chiqarish uchun janob Vilgelm Sankt-Peterburgga uch marta kelib ketdi. Natijada biz o`n uch asr muqaddam yaratilgan qo`lyozmaga juda yaqin ko`rinishdagi nusxalarga ega bo`ldik. Buning uchun nashriyot uyi xodimlari eng zamonaviy texnologiyalar, maxsus qog`oz va bo`yoqlar, qo`l mehnatining nozik usullaridan foydalanishgan.

— Adashmasam, Qur`oni karim qadimiy qo`lyozmalarining faksimile nusxalari noyob diplomatik sovg`a sifatida qadrlanarkan.

— Bugungi kunda asl nusxasi Toshkentdagi “Hazrati imom” majmuasida saqlanayotgan “Usmon Qur`oni” ham bir paytlar Chor Rossiyasi generali Abramov tomonidan Rossiyaga yuborilgan, 1905 yilda undan 50 ta nusxa ko`chirtirilib, turli mamlakatlar rahbarlariga hadya sifatida jo`natilgan. Bu an`ana hozir ham saqlanib qolgan.

Efim Rezvanningaytishicha, ushbu kitobningbirgina sahifasi faksimilesiVladimirPutin tomonidan Eron Islom Respublikasi Oliy rahbariga, oltin bilan ziynatlangan yana bir ko`chirma sahifasi Saudiya Arabistoniqiroliga tuhfa sifatida jo`natilgan.Shu misollarning o`zi bu qo`lyozmaning qanchalik bebaho ekanini ko`rsatib turibdi.

Shu o`rinda yana bir yangilikni eslatib o`tmoqchi edim. Biz Kunstkamera muzeyi direktori o`rinbosari, professor efim Rezvan bilan hamkorlikda yurtimizga tegishli bo`lgan, ayni paytda dunyoning turli muzeylaridagi saqlanayotgan 114 nodir Qur`oni karim nusxalari haqida maxsus albom katalog ustida ish boshlaganmiz.

“O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” – e`tibor markazida

— Kongress doirasida “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi chop etilgan kitob albomlar Rossiyadagi bir qator muzeylar, ilmiy muassasalarga topshirildi. Avvalo to`plamning yaratilish tarixi haqida to`xtalib o`tsak.

— Mazkur to`plam asnosida ko`plabolimlar, fotograf, muharrir va tarjimonlardan iborat ijodiy guruhning bir necha yillik mashaqqatli mehnati natijasida yuzaga keldi. To`plamni yaratish asnosida mamlakatimizning turli hududlaridagi obidalar bitiklari o`rganildi, tarjima qilindi va keng jamoatchilikka taqdim etildi. Hali bunday keng ish dunyoning biror davlatida amalga oshirilmagan.

Bevosita bu to`plamning yaratilishga to`xtaladigan bo`lsak, Samarqandda tug`ilib, o`sganim uchunmi, qadimiy yodgorliklardagi sirli bitiklarni tadqiq etish bo`yicha keng qamrovli loyihaga qo`l urish istagi uzoq yillardanberi menga tinchlik bermay kelgan.

— Bu orzuni amalga oshirishga qachondan kirishildi?

— 2007 yilda bir tadbir arafasida Registon ansamblini ta`mirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasi rahbari Behruz Ma`rufiy ushbu majmuadagi bitiklarni tarjima qildirgani va kitob holida chop etmoqchi bo`lib yurganini aytib qoldi. O`sha paytlarda Xattotlik san`ati tarixi haqidagi kitob ustidabir guruh mutaxassislar hamkorligida ish boshlagandik. Shu tariqa ana shu ulug`vor va xayrli g`oya dunyoga keldi. Dastavval Registondagi bitiklarga bag`ishlangan kitobni chiqardik.

Keyinchalik bu loyihaning qamrovi kengayib, safimizga Shayx Abdulaziz Mansur, Baxtiyor Bobojonov, Bahrom Abduhalimov, Komiljon Rahimov singari malakali mutaxassislar qo`shildi. Birin-ketin boshqa viloyatlarga bag`ishlangan kitob-albomlar ham chop etila boshlandi. Ayni paytga qadar ushbu kitobning 13 jildi o`quvchilar qo`liga etib bordi. Hali bu boradagi ishlarimiz, izlanishlarimiz yana davom etyapti. Bu turkumdagi kitoblarning 3000 nusxaga yaqini jahonning o`nlab muzeylari va ilmiy muassasalariga beg`araz tarqatilgan.

Ushbu kitob rossiyalik mutaxassislar e`tiborini qay darajada torta oldi?

— Kongress doirasida mazkur to`plamlarshahardagi bir qator muzeylarga, institutlarga, Sankt-Peterburg jome masjidiga ham hadya qilindi. Sizga birgina misolni aytishim mumkin. Rossiyalik islomshunos olim, professor Efim Rezvan ham“har qanday ilmiy kitobda muallifning, tadqiqotchining hissiyotlari aks etadi. Ammo, bu to`plam hissiyotlar, shaxsiy yondashuvlardan xoli, ilmiy-ommabop, keng qamrovli, mukammal kitob bo`libdi” degandi. Jahonga mashhur Davlat Ermitaji direktori Mixail Piotrovskiyga kongress paytida bu kitob-albomning bir to`plamini topshirganimizda, uo`z muoviniga “kitoblarni muzey kutubxonasiga emas, mening kabinetimga, stolim ustiga qo`yinglar, bularni har bittasini o`qib chiqishim kerak” deganini eshitdim.

Temuriylar davri nodir durdonasi – faksimile nusxalarda

— Kongress doirasida Sharqqo`lyozmalari institutida Husayn Boyqaro devoni faksimilesi ham topshirildi. Shu qo`lyozma haqida ham to`xtalib o`tsangiz.

Bu qo`lyozma Temuriylar davrining eng nodir durdonalaridan biri sanaladi. Mutaxassislar fikricha, qo`lyozma Hirot xattotlik maktabining etuk vakili Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko`chirilgan. Undagi miniatyuralarni “Sharq Rafaeli” nomini olgan buyuk musavvir Kamoliddin Behzod chizgan. Devonning o`zi bevosita Hazrat Navoiyning maslahatlari bilan tuzilganiga shubha yo`q. Bu nodir qo`lyozmaga Navoiy bobomizning muborak nazarlari tushgan, qo`llari tekkan. Ko`ryapsizmi, bu qo`lyozma to`rt buyuk ajdodimizning mehnati, qalb qo`ri, ko`z nuri evaziga dunyoga kelgan.

Ehtimol, bu Temuriylar davri madaniyatining eng so`nggi shoh asaridir? Chunki, bu kitob Husayn Boyqaro hayotining so`nggi yillarida yaratilgan. Uning o`limidan so`ng Temuriylar saltanati tamomila tanazzulga uchragan. Movarounnahr va Xuroson shayboniylar qo`liga o`tgan. To`g`ri, shayboniylar ham madaniyatni rivojlantirishga birmuncha e`tibor qaratishgan. Ammo, madaniy hayot, jumladan kitobat san`ati u qadar taraqqiy etmagani tarixdan yaxshi ma`lum.

— Husayn Boyqaro shaxsiyatiga alohida e`tibor qaratilganining sababi nima?

— Siz Husayn Boyqaroni kim deb bilasiz? Sovet davrida uni zolim,kaltabin, ishratparast hukmdor sifatida jonlantirishgan. Ko`pchilik uni Alisher Navoiyni saroydan haydagan hukmdor deb biladi. O`sha davrda yaratilgan ekran va sahna asarlarida Navoiyning boshiga tushgan musibatlarda Boyqaroni sababchi qilib ko`rsatishgan. ShQI arxivlaridan topilgan durdonalar buning aksini isbotladi. Xuddi o`sha Devonning o`zi ham bevosita Hazrat Navoiyning ko`rsatmalari, masalahatlari bilan bitilgan. Undagi ko`plab g`azallarda Navoiyga xos ohanglar yaqqol seziladi.

Biz yuqorida tilga olgan qo`lyozmadagi mana bu baytni qarang:

Gar Husayniyg`a bir o`tluq yuz g`ami o`t solmasa,

Bas nechuk olamni kuydurdi Navoiyvor o`ti?

Ya`ni, agar Husayniy ko`ngliga bir olov yuzlining (bu o`rinda ilohiy ishq, Yaratganning jamoli nazarda tutilayotgani aniq – F.A.) g`ami o`t solmaganida, uning yuragidagi otash xuddi Navoiynikidek olamni kuydirmagan bo`lardi.

Darhaqiqat, Husayn Boyqaro Navoiyning yaqin do`sti va maslakdoshi edi. Navoiyning kamolotida Boyqaroning hissasi katta.

Husayn Boyqaro ham ota, ham ona tomonidan Sohibqiron avlodidan edi. U ham iste`dodli sarkarda, ham fan va madaniyat homiysi bo`lgan.

Hazrat Navoiy turkiy tilda betakror asarlar bitgan bo`lsa, Husayn Boyqaro turkiy tilda ijod qilishni rag`batlantirishga oid farmon chiqargan. Uning o`zi ham barcha she`rlarini Husayni taxallusi bilan turkiyda yozgan.Bu ham har ikki bu yuk zotning bir xil fikrlashidan darak bermaydimi? Sharq qo`lyozmalari institutida Hazrat Navoiyning o`ta darajada mukammal tarzda ishlangan, shohona bezaklar bilan ziynatlangan qo`lyozmalari mavjud. Bularning barchasi shoirning sulton Husaynga yaqin, unga hammaslak, elkadosh bo`lganini ko`rsatadi.

— Mazkur qo`lyozmaning ahamiyati haqida ham to`xtalib o`tsangiz?

— Bu qo`lyozma Temuriylar davrining eng nodir durdonalaridan biri sanaladi. Mutaxassislar fikricha, qo`lyozma Hirot xattotlik maktabining etuk vakili Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko`chirilgan. Undagi miniatyuralarni Kamoliddin Behzod chizgan. Devonning o`zi bevosita Hazrat Navoiyning maslahatlari bilan tuzilganiga shubha yo`q. Bu nodir qo`lyozmaga Navoiy bobomizning muborak nazarlari tushgan, qo`llari tekkan. Ko`ryapsizmi, bu qo`lyozma to`rt buyuk ajdodimizning mehnati, qalb qo`ri, ko`z nuri evaziga dunyoga kelgan. Ehtimol, bu Temuriylar davri madaniyatining shoh asaridir? Chunki, bu kitob Husayn Boyqaro hayotining so`nggi yillarida yaratilgan. Uning o`limidan so`ng Temuriylar saltanati tamomila tanazzulga uchragan. Movarounnahr va Xuroson Shayboniylar qo`liga o`tgan. To`g`ri, shayboniylar ham madaniyatni rivojlantirishga birmuncha e`tibor qaratishgan. Ammo, madaniy hayot, jumladan kitobat san`ati u qadar taraqqiy etmagani tarixdan yaxshi ma`lum.

Eron-Rossiya urushini to`xtatgan qo`lyozma endi raqamli formatda

— Rossiya Milliy kutubxonasida Navoiyning “Ilk devon”iga ko`zimiz tushdi. Bu qo`lyozmaning ham antiqa tarixi bor ekan...

— Bu kutubxonada Hazrat Navoiy qalamiga mansub 25 nodir qo`lyozma saqlanadi. Ularning aksariyati shoirning hayotligida ko`chirilgan. Ulardan biri 1460 yillarda Navoiyning muxlislari tomonidan tuzilgan“Ilk devon”dir. Ma`lumotlarga ko`ra, birmuddat bu qo`lyozma Erondagi Qojorlar sulolasi kutubxonasida saqlangan. 1828 yil fevral oyida Tehronda Rossiya elchisi, yozuvchi Aleksandr Griboedov o`ldirilgach, mamlakatlar o`rtasidagi siyosiy vaziyat o`ta keskinlashadi. Ular o`rtasidagi avvalgi urushlar Eron uchun juda katta talafotlarga sabab bo`lgan, navbatdagi urush o`ta og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Eron shohi Fathalishoh elchining xuni evaziga ko`plab qimmatbaho sovg`alar qatori bir qancha nodir kitoblarni ham jo`natadi. Ular orasida eng qimmatlisi, shubhasizNavoiyning “Ilk devon”i edi. Shundan so`ng, Nikolay Birinchi Eronga qarshi urush ochish niyatidan qaytgan, daryo-daryo qonlar to`kilishiga sabab bo`luvchi muqarrarurushning oldi olingan ekan.

— Griboedovning Eronda fitna sababli o`ldirilgani, Eron shohi xun bahosi sifatida Rossiya imperatoriga qimmatbaho sovg`alar hattoki qimmatbaho “Shoh” olmosini yuborganini ko`pchilik eshitgan.

— Albatta, Rossiya-Eron munosabatlari tarixi haqida ma`lumotlar etarli bo`lsa-da,Eron shohi Rossiyaga yuborgan hadyalar ichida buyuk bobomizning mo``tabar kitobi borligini deyarli hech kim bilmasdi. Hazrat Navoiyni har ikkala hukmdor yaxshi tanigani, unga hurmat bilan qaragani aniq. Qolaversa, Alisher Navoiy o`z asarlarida hamisha tinchlikni, do`stlikni, hamjihatlikni ulug`laganlar.

Olam ahli, bilingizkim ish emas, dushmanlig`,

Yor o`lung bir-biringizg`a ki, erur yorlig` ish.

Hazratning ushbu misralarida ham adovat emas, do`stlik e`tiborga molik ish ekani aytiladi. Binobarin, mamlakatlar o`rtasidagi urushning to`xtashiga, minglab insonlarning hayoti saqlab qolinishga ushbu kitobning ahamiyati katta bo`lgan.Bu faktaynan Rossiya Milliy kutubxonasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan izlanishlar tufayli yuzaga chiqdi.

Kongress ishtirokchilarini yig`latgan voqea

— Darvoqe, Kongressda Davlat Ermitaji rahbari Mixail Piotrovskiy ham ishtirok etib, iliq fikrlarni bildirdi.

— Albatta. U kongressda ma`ruza qilganidayoq men buni tushundim. U nafaqat o`zbekistonlik mutaxassislar Ermitajga kelishi, hatto Ermitajning o`zi Toshkentga borishi mumkinligini aytdi. Ya`ni poytaxtimizda Ermitajdagi nodir eksponatlarning ko`rgazmasi ochilishi mumkin.

U yana bir ta`sirli voqeani hikoya qilib berdiki, ko`pchilikning ko`zidan yosh chiqib ketdi.Tasavvur qiling. Ikkinchi Jahon urushiyillari. Leningrad qamalda qolgan. Bolalar, ayollar, qariyalar ochlikdan tutdek to`kilayotgan payt. Ana shunday dahshatli damlarda shaharda Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi o`tkaziladi. Navoiyning she`rlarini o`qishadi. Axir bu tadbir qaerdan o`tgan? Uni o`tkazish kimning xayoliga kelgan? O`lim bilan olishayotgan bir paytda Navoiyni esga olgan bu odamlar kim edi?

Bugun ana shular haqida gaplashishimiz kerak. Biz tez orada Ermitaj xodimlari bilan hamkorlikda, yurtimizda o`sha mash`um payti qamalda qolgan Leningradda o`tkazilgan Navoiyxonlik kechasini qayta jonlantirmoqchimiz. Hammasi, xuddi o`sha qamal paytidagidek bo`ladi. O`sha paytdagi muhit, ocharchilik, erto`lada, shamlar yorug`ida o`tgan anjuman... Xalqimiz har qanday paytda ham Navoiyni sevishi, uni o`qishi, undan madad olishi lozimligini biz ko`rsatib berishimiz kerak.

Sohibqironni anglashga yo`l

— Kongres davomida ishtirokchilar Sharafiddin Ali Yazdiyning mashhur “Zafarnoma”si eng qadimiy nusxalaridan birini ko`rishga muyassar bo`lishdi.

— Darhaqiqat, bu juda nodir qo`lyozma. Buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temurning yonida yurgan, uning g`alabalari, bunyodkorlik ishlari, yaxshi yomon-kunlariga shohid bo`lgan tarixchi tomonidan bitilgan shoh asar. “Zafarnoma” Amir Temur davri tarixi, madaniyatini o`rganishdagi eng ishonchli va mo``tabar manbalardan sanaladi. Biz mana shu tarixiy asarning ham faksimile nusxasini yaratishga kirishdik. Nasib etsa, bu bebaho asarning asliyatdagidan qolishmaydigan nusxalarini Vatanimizdagi ilmiy tadqiqot muassasalariga, shuningdek dunyoning eng mashhur ilm-fan maskanlariga tarqatishni niyat qilganmiz. Shuningdek, biz bunday nodir qo`lyozmalarning raqamli elektron nusxalarini ham yaratish ustida ish olib boryapmiz. Bu tadqiqotchilarimiz mustaqil ravishda bu manbalar bilan bemalol ishlay olishlari uchun imkon beradi.

Piter bag`ridagi bir parcha vatan

— Sankt-Peterburg jome-masjidiga tashrif Kongress kun tartibidan o`rin olgan muhim tadbirlardan biri bo`ldi...

— Darhaqiqat, shaharning qoq markazida, Kronverk prospektida, Neva daryosi bo`yida joylashgan bu masjid moviy gumbazlari va minoralari bilan Samarqandu Buxorodagi tarixiy obidalarni yodga soladi. Dunyoning eng shimoliy nuqtasidagi jome masjidining yurtimiz bilan bog`liq jihatlarini ko`pchilik bilmasdi.

Biz oldingi ijodiy safarlarimiz davomida ushbu masjidning tarixini atroflicha o`rgandik. U haqda zarur faktrlar va ma`lumotlarni to`pladik. Alohida hujjatli film suratga oldik.

Aniqlanishicha, Peterburg bilan yaxshi munosabatlar o`rnatgan Buxoro amiri Abdulahadxonuningqurilishiga munosib ulushini qo`shgan. Bugun masjid binosi joylashgan er hududi Buxoro amirligi xazinasi hisobidan sotib olingan. 1910 yil 3 fevralda shaxsan Amir Abdulahadxon ishtirokida uningbirinchi g`ishti qo`yilgan. Ammo, afsuski, amir masjidning ochilishida ishtirok etolmay,o`sha yili dunyodan o`tgan.

— O`sha paytlarda Rossiya hukumati poytaxtda masjid qurilishiga qanday munosabatda bo`lgan?

— Albatta, u paytlar Rossiyada ham hozirgidek diniy bag`rikenglik muhiti mavjud emasdi. Qolaversa, Chor Rossiyasining musulmon mamlakatlari bilan munosabatlari ham yaxshi bo`lmagan. Shu sababli ko`plab mulozimlar, jamoatchilik vakillari masjid qurilishiga qarshi chiqishgan. Ana shunday vaziyatdaBuxoro amiriningPeterburgda masjid qurilishiga bosh-qosh bo`lishi katta jasorat edi.

Masjidning minoralari, gumbazlari, qurilish tarixi, shakl-shamoyilidan uning qurilishida o`zbek me`morlari, usta va naqqoshlari qatnashganinianglash mumkin.

O`z davrida ushbu masjid arxitekturasi ko`plab peterburgliklar, hatto podsho xonadoni vakillarini ham lol qoldirgani aniq. Aks holda, Neva daryosining narigi sohilida, shundoqqina masjid ro`parasidaqad rostlagan Buyuk Knyaz Vladimir saroyidagi bir xonani knyazning rafiqasi Mariya Pavlovna sharqona uslubda jihozlamagan bo`lardi.

Biz muborak ramazon kunlarida ajdodlarimiz qadami etgan, xalqimiz mablag`i evaziga sotib olingan hududdagi qadamjoni ziyorat qilganimiz xayrli ishlardan biri bo`ldi. Imom-xatib Ravil hazrat Pancheevning aytishicha, masjid jamoatining katta qismini o`zbeklar tashkil qilarkan. Bizning safarimizasnosida masjid tarixidan xabar topgan namozxon hamyurtlarimizning ko`zlarida quvonch va iftixor aksini ko`rdik. “Katta Langar Qur`oni” faksimile nusxasi hamda “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlar jamlanmasi ham masjidga hadya qilindi.

Hamkorlarimiz safi kengayaversa...

— Albatta, bunday ulug` ishlarni amalga oshirish, juda katta olimlar jamoasini jamlash, mamlakatimizda va xorijda yirik anjumanlar tashkil etishning o`zi bo`lmaydi. Buning uchun eng avvalo juda katta mablag` kerak bo`ladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan milliy merosimizni chuqur o`rganish, ajdodlarimiz yaratib qoldirgan ma`naviy merosni chuqur tadqiq etish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish singari masalalarga katta e`tibor qaratilyapti. Ana shu maqsadda bir qancha qaror va farmonlar qabul qilindi. Yirik ilmiy-ma`rifiy markazlar tuzildi.

Sankt-Petereburgda o`tgan anjuman nihoyasida ham dunyodan 30 dan ortiq mamlakatidan kelgan yuzlab olimlar Prezidentimizga murojaatnoma yo`llab, ilm-fan, madaniyatga qaratayotgan ulkan e`tibori uchun tashakkur aytishdi. Bizning bu yirik loyihalarimiz ham aynan shu maqsadlarni ko`zda tutadi.

Biroq, madaniy merosimizni o`rganish, ilm-fanni rivojlantirish singari masalalarni faqat davlat muassasalari zimmasiga yuklab, qarab o`tirish to`g`ri emas. Bunda jamoat tashkilotlar, xususiy sektor, tadbirkorlarimiz ham o`z hissasini qo`shishi kerak.

“O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idorlara qatorida neft qazib chiqarish bilan shug`ullanuvchi “Eriell grup” kompaniyasi juda katta moddiy yordam ko`rsatmoqda. “Darakchi inform servis” MChJ ham homiylarimizdan biri sanaladi. Umuman olganda, bu kabi ijtimoiy mas`uliyatli biznesvakillari ma`naviyatni oshirish, madaniyatni boyitish singari savobli ishlarga hissa qo`shishsa, homiylarimiz safi kengaysa, biz yanada ko`proq natijalarga erishgan bo`lardik.

Hali dunyoning o`nlab mamlakatlarida O`zbekiston madaniy merosining ming-minglab namunalari sochilib ketgan. Ular o`z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. Xorijdagi merosimizni tadqiqetish uchun yosh tadqiqotchilarni jo`natish kerak. Buning uchun esa, mablag` kerak bo`ladi. Ana shu ishlarga boshqa, yirik ishlab chiqarish korxonalari, saxovatpesha hamyurtlarimiz ham o`z hissalarini qo`shishsa, nur ustiga a`lo nur bo`lardi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Rustam Jabborov suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1