Malayziya polisiyasi bank xodimasi va uning turmush o`rtog`ini hibsga oldi.
Ular shu yilning mart oyida Hind okeani atrofida sirli tarzda g`oyib bo`lgan Malaysia Airlines aviakompaniyasi samolyoti yo`lovchilarining hisobidan pul echib olganlikda ayblanishmoqda.
Malaysia Insider nashrining yozishicha, er-xotin yo`lovchilar hisobidan 35 ming AQSh dollari miqdorida pul o`g`irlashgan. Malayziya polisiyasining iqtisodiy jinoiy ishlari bo`yicha bo`limi boshlig`i Izani Abd-G`anining ma`lum qilishicha, bank xodimasini 14 avgust kuni o`z uyida qo`lga olishdi. Qayd qilinishicha, ayol bankda 10 yildan buyon ishlab kelgan.
Polisiya xodimlari uning eri ham jinoiy ishga aloqador ekanligini aytishmoqda.
Ma`lum bo`lishicha, bank xodimasi ruxsatsiz uch yo`lovchi va bir nafar ekipaj a`zosi hisobidan pul echib olgan. Ularning to`rt nafari ham bitta bank mijozi bo`lgan. Ushbu pullar yagona hisobga o`tkazilib, bir necha bankomat orqali naqd pul qilib olingan.
Voqeadan so`ng, polisiya yo`qolgan layner yo`lovchilari qarindoshlariga hisob raqamlarni nazorat qilishni tavsiya etdi.
Eslatib o`tamiz, 8 mart kuni Malayziya aviakompaniyasiga qarashli bo`lgan samolyot parvozga chiqqanidan ikki soat o`tgach, sirli tarzda g`oyib bo`lgan. Layner bortida 227 nafar yo`lovchi hamda 12 ekipaj a`zosi bo`lgan.