Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Xalq ta`limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori loyihasi e`lon qilindi. Mazkur qaror loyihasi keng omma tomonidan muhokama etilmoqda.
O`zA yurtdoshlarimizning ana shu mavzudagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
Husniddin Sobirov, o`qituvchi:– Qaror loyihasi bilan tanishib chiqdim. Bizni xursand qilgan jihatlari ko`p. Misol uchun, o`qituvchilar har chorakda bir marta, yil davomida to`rt marta hisobot topshirishi majburiy edi. Bunda chorak davomida bajargan barcha ishlarini, bajarmagan bo`lsa, o`ylab, topib, ko`paytirib hisobot tayyorlab berardi. Endi bu yumush ikki martaga qisqardi. Demak, o`qituvchi yozuv-chizuvga sarflagan vaqtinio`quvchilarga bilim berishga sarflaydi. Bu esa bilim berish sifatini oshirish, o`qituvchi va o`quvchi o`rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Malika Qodirova, uy bekasi: – O`qituvchining maoshini albatta oshirish kerak. Buvim aytar edilar: o`qituvchi boy bo`lsa, olim ko`payadi, shifokor boyib ketsa, kasal kamayadi deb.
Farrux Qosimov, ishchi: – O`qituvchilik mashaqqatli kasb. Biz o`qigan davrlarda darsliklar yillar davomida o`zgarmasdi, bolalar ham hozirgidek dono emasdi. Shunday bo`lsada, o`qituvchilarimiz 45 daqiqa dars o`tish uchun 3 soat tayyorgarlik ko`ramiz, deb aytishardi. Hozirgi tezkor zamonda o`quvchilar o`qituvchidan ko`proq ma`lumotga ega. Savoliga javob olmagan bola esa ustozni hurmat qilmaydi. Agar o`qituvchi uchun ko`proq sharoit yaratib berilsa, uning o`z ustida ishlashi uchun vaqti ko`proq bo`larmidi...
Jahongir Safoev, talaba: - Maktabimizda faqat xotin-qizlar dars o`tardi. Hatto jismoniy tarbiya ustozimiz ham ayol o`qituvchi edi. Nega erkak o`qituvchilar yo`q, deb ko`p o`ylardim. Keyin bilsam, ularning maoshi oilani boqishga etmagani, qog`ozbozlik ko`pligi uchun erkak o`qituvchilar boshqa ishni boshini tutib ketar ekan. Demak, ta`limni kuchaytirish, ayniqsa, o`quvchi yigitlarni tartibga olish uchun erkak o`qituvchilarni maktabga qaytarish, buning uchun esa moddiy manfaatdorlikni oshirish kerak.
Jaloliddin Rahimov, olim:– Loyiha bilan tanishdim. Juda yaxshi tashabbuslar olg`a surilgan.O`qituvchining jamiyatdagi mavqeyini oshirish uchun, eng avvalo ularga e`tiborni kuchaytirish kerak. O`qituvchi o`z o`quvchisini 45 daqiqa diqqatini ushlab turish uchun hamma narsani unutishi va kuchli tayyorlanishi kerak. Lekin, uni uyi bo`lmasa, oyligi etmayotgani sababli oilasida har xil muammolar, janjallar bo`layotgan bo`lsa, qanday qilib fikrini jamlab, darsga zo`r tayyorgarlik ko`radi. Demak, o`qituvchining tashvishlari qancha kam bo`lsa, u dars davomida maqsadga ko`proq erishadi.Agar qanchalik yaxshi dars o`tsa, shunchalik yuqori rag`batlanishini bilsa, ishga munosabat o`zgaradi...
Menning taklifim yaxshi o`qituvchilarni maoshini bosqichma-bosqich oshirib borish, ularni uy-joy bilan ta`minlash va turli pedagogik yuklamalarni, qog`ozbozliklarni kamaytirish kerak. O`qituvchi mehnatini qog`ozga qarab emas, o`quvchilari erishayotgan yutuqlarga qarab baholash kerak.
Rahima Hasanova, tikuvchi: – O`qituvchi 1 sinfdan 11 sinfgacha o`quvchini hayotga tayyorlaydi.Uchta farzandim maktabga qatnaydi. Ota-onalar majlisi deyishsa, yuragim zirqiraydi, bu safar nimani bahona qilib, pul so`rashar ekan deb. Agar o`qituvchining hamma narsasi etarli bo`lsa, turli “yig`-yig`lar” ham kamaygan bo`larmidi?
Mavluda Safarova, oshpaz: – O`qituvchilarga yaxshi imkoniyatlar yaratib berilsa, xursand bo`lamiz. Ta`lim-tarbiya berish oson emas.
Zuhra Ismatova, o`qituvchi: – Loyihaning menga yoqqan jihati yaxshi ishlagan o`qituvchilarning imkoniyatlari oshishi bo`ldi. Ular chet elga stajirovkaga yuborilar ekan. Bu ajoyib. Yana bir quvonchli jihati o`quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag`batlantirish tartibi joriy etilishi. Agar bu loyihalar qo`llab-quvvatlansa, biz butun e`tiborimizni malakamizni oshirish va o`quvchilarning bilimini kuchaytirishga sarflagan bo`lardik.