O`zbekistonlik 13 yoshli xalqaro FIDE ustasi Javohir Sindarov grossmeysterlikning birinchi talabini bajardi, deb yozmoqda Olamsport nashri.
Hamyurtimiz Rossiyaning Voronej shahrida o`tgan Alyoxin xotirasiga bag`ishlangan shaxmat festivalining asosiy turniri - “Voronej-2018”da 6,5 ochko bilan sovrinli 5-o`rinni egallagandi. Ushbu musobaqada 11 davlatdan 131 nafar shaxmatchi ishtirok etgan edi.
To`qqiz tur yakunlariga ko`ra 4 nafar grossmeyster 7tadan ochko jamg`argan va qo`shimcha ko`rsatkichlarga ko`ra Dmitriy Kokaryov (2603, Rossiya) musobaqa g`olibiga aylangandi.
Sindarov (2449) chempiondan yarim ochkogina kam jamg`arib, sovrinli 5-o`rinni egalladi. Poytaxtlik yosh shaxmatchi 9ta partiyadan 5tasida g`alabaga erishdi. Javohirdan engilganlar orasida xalqaro grossmeysterlar - Pavel Ponkratov (Rossiya, 2622), Aleksey Pridorojniy (Rossiya, 2589), xalqaro master Ilya Ilyushenko (2530, Rossiya) bor.
Sindarov xalqaro grossmeysterlar - Pavel Potapov (2491, Rossiya), Ivan Popov (2608, Rossiya) hamda xalqaro turnir g`olibi Dmitriy Kokaryov (2603, Rossiya) bilan durang o`ynadi. Aynan shu natijasi tufayli Javohir Sindarov grossmeysterlikning birinchi talabini bajardi.






