Argentina terma jamoasi futbol bo`yicha Rossiyada bo`lib o`tayotgan jahon chempionati ikkinchi tur doirasida Xorvatiyaga qarshi maydonga tushib, kutilmaganda 0:3 hisobida mag`lubiyatga uchradi.
Mazkur o`yinni Ravshan Ermatov boshchiligidagi o`zbekistonlik hakamlar boshqarib bordi. Va hamyurtimiz jahon chempionatlarida referilik qilish borasida o`z rekordini yangiladi — uchta jahon chempionati 10 o`yin.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Ravshan Ermatov va uning jamoasining ushbu bahsdagi faoliyatiga o`z munosabatlarini bildirmoqda. Ularning ayrimlaridan "Xalq so`zi" nashri iqtibos keltirdi.
Aleksey S.Lebedev ism-sharifli muxlis Argentina va Xorvatiya o`rtasida xuddi pley-offdagidagi kabi keskin kurash bo`lgani haqida shunday yozadi: “Va Ermatovga barakalla – har ikki tomondan siquvga olishdi. Lekin u bosimga bardosh berdi. Ko`z tegmasin, umuman, zo`r ishladi”.
Danila Dachenkov: “Ravshan Ermatov – mega shiddatli hakam. Mana sizga yuksak cho`qqi: pozisiya tanlash, yugurishga erinmaydi, o`ziga ishonadi”.
Scott McIntyre: “Guruh bosqichidagi eng yaxshi chiqish? Yagona va betakror Ravshan Ermatov ... bugun etakchilikni, nazoratni to`liq qo`lga olish tartibida ishladi”.
Younes H-Hamou: “Bugun o`yinni mutlaqo ajoyib tarzda boshqargan Ravshan Ermatovga minnatdorchilik bildirishni istardim. Top darajadagi referi! Yorqin faoliyat. Kollina (UEFA hakamlar qo`mitasi va FIFA hakamlar qo`mitasi boshlig`i Perluidja Kollina) uslubiga o`xshashlik bor”.
Erik Pulatov: “Argentinaga muxlislik qilaman, lekin Xorvatiya o`z ishini a`loga uddaladi! Kun hazili: Argentinaning jahon chempionatidagi eng katta muammosi ... Ravshan Ermatov. Oxirgi marta Argentina Germaniyaga 0:4 hisobida yutqazgandi, bu safar Xorvatiyaga – 0:3”.