AsosiyMutolaa

Dastro`mol

'Dastro`mol'ning rasmi

Tokio imperator universitetining huquqshunoslik fakulteti professori Xasegava Kindzo ayvondagi to`qima kursida o`tirib, Strindbergning “Dramaturgiya”sini o`qirdi.

Professorning ixtisosligi mustamlakachilik siyosatini o`rganish bo`la turib, “Dramaturgiya”ni o`qiyotgani o`quvchiga biroz erish tuyulishi mumkin. Biroq nafaqat olim, balki pedagog ham bo`lmish professor vaqt topib, albatta, mutaxassisligi bo`yicha zarur bo`lmagan, lekin qaysidir ma`noda hozirgi zamon talabalari o`y-fikrlari va his-tuyg`ulariga yaqin kitoblarni varaqlab turardi. Haqqi rost, aynan mana shu sabab u yaqindagina Oskar Uayldning “De profundis”[1] va “O`ylar”ini ­– professorning o`zi qo`shimcha vazifa sifatida direktorlik qiladigan bir institutning talabalari tomonidan mutolaa qilinayotgan kitoblarni o`qib ko`rishga olgandi. Illo, professorning bunday odati bor ekan, ayni damda zamonaviy ovro`pa dramasi va ovro`pa aktyorlari haqidagi kitobni xatm qilayotganidan ajablanmasa ham bo`ladi. Gap shundaki, professorning Ibsen, Strindberg yoki Meterlink haqida tanqidiy maqolalar yozadigan va hatto shu dramaturglardan o`rnak olib dramalar yozishni butun hayotining mazmuniga aylantirmoqchi bo`lgan ishqiboz talabalari-da bor edi.

Qiziqroq bobni tugatgach, professor har safar sariq xolst muqovali kitobni tizzasiga qo`yib, xayoli qochib shiftda osilib turgan fonar-gifuga[2] qarardi. Qiziq, professor kitobni yopishi bilanoq Strindberg xayolidan ko`tarilardi-qo`yardi va uning o`rnini mana shu fonarni birga sotib olgan xotini egallardi. Professor ilmiy xizmat safari vaqtida Amerikada uylandi, tabiiyki, xotini amerikalik edi. Shunday bo`lsa-da, xotini Yaponiya va yaponlarga bo`lgan mehr borasida professordan qolishmasdi. Chunonchi, yapon badiiy sanoatining nafis buyumlarini yoqtirardi. Shuning uchun ayvonda osilib turgan fonar-gifu faqatgina professorning dididan emas, qolaversa, xotinining butun boshli yapon buyumlariga bo`lgan mubtaloligidan darak berardi.

Har safar kitobni tizzasiga qo`yarkan, professor xotini, fonar-gifu, shu fonarda aks etmish yapon madaniyati haqida o`y surardi. Professor so`nggi o`n besh yil ichida yapon madaniyati moddiylik jabhasida sezilarligina yuksalganiga astoydil ishonardi. Ma`naviy jihatdan esa... shu so`zning o`ziga munosib hech vaqo topilmaydi. Ustiga ustak, ma`lum ma`noda inqiroz sezildi. Zamona mutafakkiri vijdoni amriga ko`ra, bu inqirozni bartaraf etish uchun nima qilmoq kerak? Professor busidodan[3] o`zga yo`l yo`q, degan xulosaga keldi. Busidoga aslo orol xalqining tor doiradagi pand-nasihati deb qaramaslik kerak. Aksincha, bu ta`limotda Amriqo va Ovro`pa mamlakatlarining nasroniylik ruhiga yaqin jihatlar mavjud. Basharti, zamonaviy Yaponiyaning ma`naviy oqimi busidoga asoslanganda, birgina Yaponiyaning ruhoniy madaniyatiga hissa qo`shilmagan bo`larmidi. Bu Ovro`pa va Amriqo xalqlari bilan yapon xalqining hamjihatlik ruhini yumshatib, o`z navbatida, xalqaro tinchlik ishiga muvofiq bo`lardi. Professor allaqachon, ta`bir joiz bo`lsa, Mashriq va Mag`rib o`rtasida ko`prik rolini bajarishni o`z gardaniga olmoqchi edi. Shuning uchun rafiqasi, fonar-gifu va mana shu fonarda aks etmish yapon madaniyati uning ongida bir butunday tasavvur hosil qilgandi.

Mutolaada davom etib, o`y-fikrlari Strindbergdan uzoqlashganini payqagan esa-da, bunday qoniqish hissini professor birinchi marta tuyishi emasdi. U qayg`urib bosh chayqadi-da, mayda harflar bilan bitilgan satrlarga qunt bilan sarsor soldi. Endi o`qimoqchi bo`lgan xatboshida quyidagilar yozilgan edi:

“...Aktyor eng oddiy tuyg`uni ifodalamoq uchun qulay uslubni topib, shu tarzda muvaffaqiyatga erishsa, vaqti yo bevaqt, tez-tez shu uslubga murojaat qilaveradi, negaki bu ham qulay, ham muvaffaqiyat keltiradi. Bu sahna uslubi deyiladi...”

Professor aslida hamisha san`atga, chunonchi, sahna san`atiga butunlay befarq edi. Hatto shu yilgacha u yapon teatriga tushmagandi. Bir safar talabasi yozgan hikoyada Bayko ismiga ko`zi tushib qoldi. Bu ism o`z aql-zakovatiga mahliyo professorga hech narsani anglatmasdi. Xonasi kelganda hikoya muallifi bo`lmish talabasini chaqirib, so`radi:

– Ayting-chi, Bayko kim o`zi?

– Bayko? Bayko – Marunoutidagi Teykoku teatri aktyori. Hozir u “Taykoki” pesasining o`ninchi pardasida Misao rolini o`ynamoqda, – deb muloyim javob bergandi o`shanda arzon xakamadagi[4] talaba...

...Professor shu joyida mutolaani to`xtatishiga to`g`ri keldi. Oqsoch uyga mehmon kelganini aytib, uning o`y-xayollarini to`zg`itib yubordi. Kun qanchalik uzun bo`lmasin, bu odamlar professorni holdan toydirmaguncha qo`yishmaydi, shekilli...

Kitobni bir chetga surib, oqsoch bergan tashrif qog`oziga ko`z tashladi. Fil suyagi rangidagi kartonga mayda qilib: “Nisiyama Tokuko” deb yozilgandi. Bu ayolni ilgarilari uchratmagan ekan. Professorning tanish-bilishlari ko`p edi, kursidan turayotib, barcha tanishlarini bir-bir esladi. Alhol, bu ayolni eslolmadi. Professor tashrif qog`ozini xatcho`p sifatida kitobga qistirdi-da, kitobni kursiga qo`ydi va egnidagi shoyi kimononi to`g`rilab-netib, tag`in fonar-gifuga ko`z qirini tashlab qo`ydi. Aftidan, hamma ham bunday vaziyatlarda kutishga mahkum mehmondan ko`ra kuttirishga majbur xonadon sohibiga og`ir bo`lgan holatga tushgandir-ov. Shunday ekan, o`z obro`-e`tibori yo`lida kuyib-pishadigan professordan ta`na qilmasa ham bo`ladi. Nega desangiz, chaqirilmagan mehmondan boshqa odam bo`lganda ham hamisha shunday yo`l tutilgan.

Birmuncha vaqt o`tkazib, professor qabulxonaning eshigini ochdi. Ichkarilagan zahoti eshik tutqichini qo`yib yubordi, o`sha ondayoq qirq yoshlarni qoralagan ayol o`rnidan turib professorga peshvoz chiqdi. Mehmonning egnida nafarmon-kulrang tusdagi engilroq kimono, shunday nafiski, professor hatto baho berolmay qoldi. Mayda-chuydalarga ko`p ham e`tibor bermaydigan professor ayolning sochlari “marugame” usulida o`rilganini darrov payqadi. Ayol kulchayuz, yaponlarga xos ravishda terisi qahrabo tusda edi, ko`rinishidan ziyoli xonimga o`xshaydi. Birinchi marta nigohi tushgandayoq professorga ayolning yuzi issiq ko`rindi.

– Xasegava, – deya professor iltifot-la ta`zim qildi: agar mehmon bilan avval uchrashgan bo`lsa, bu ism unga ko`p narsani anglatar deb o`yladi.

– Men Nisiyama Kon`itironing onasiman, – dedi javoban ayol va u ham ta`zim bajo keltirdi.

Nisiyama Kon`itironi professor tanirdi. U Ibsen va Strindberg haqida maqolalar yozgan talabalaridan biri edi. Agar professor adashmasa, u olmon huquqshunosligini o`rganar, universitetga kirgach esa, mafkura masalalari bilan shug`ullanib, professorning huzuriga tashrif buyurib turardi. Bahorda qorin pardasining yallig`lanishi bilan og`rib qolib, universitet kasalxonasiga yotgandi; professor ikki marta uni ko`rgani borgandi. Bekorga bu ayolning yuzi tanish tuyulmagan ekan. Baroqqosh, xushchaqchaq yigit va manavi xonim ikki tomchi suvday bir-birlariga o`xshar ekan.

– E, ha, Nisiyama-kun[5]... Shunaqa deng! – Professor bosh irg`ab ayolni chog`roq stol ortidagi stulga manzirat qildi: – Marhamat.

Kutilmagan tashrifi uchun uzr so`rab va iltifot uchun minnatdorlik bildirib, ayol ko`rsatilgan stulga o`tirdi. Shu asnoda engidan nimadir oq narsani chiqardi, dastro`mol bo`lsa kerak. Professor stolda yotgan koreyslar elpig`ichidan foydalanishni taklif qilib, ayolning ro`parasiga cho`kdi.

– Uyingiz chiroyli ekan.

Ayol kamoli diqqat-la xonani ko`zdan kechirdi.

– O`, yo`g`-e, shunchaki kengroq, xolos.

Bunday maqtovlarga o`rgangan professor oqsoch keltirgan sovuq choyni mehmon tomon surib qo`ydi va darhol suhbat mavzusini ayolning o`g`liga burdi.

– Nisiyama-kun yaxshi bo`lib qoldimi? Ahvoli tuzukmi?

– Y-yo`q...

Ayol qo`llarini tizzasiga sipogina qovushtirib, bir daqiqa jimib qoldi, keyin esa o`sha-o`sha xotirjam ohangda:

– Aslini olganda, o`g`lim tufayli keldim. U bilan falokat yuz berdi. U sizdan ko`p borada qarzdor edi... – dedi.

Professor mehmon uyalganidan choy ichmayapti, deb o`ylab, qo`yarda-qo`ymay choy quyib bergandan ko`ra o`zi namuna ko`rsatishga qaror qildi; piyolani endi peshonasidan o`pmoqchi bo`lganda ayolning gaplari professorni tong qoldirdi. Choyni ichsinmi yo yo`qmi? Bu fikr uni yigitchaning o`limi haqidagi fikrga bog`liq bo`lmagan ravishda tashvishga solgandi. Lekin piyolani labi ustida olam tugaguncha ushlab turavermaydi-ku! Professor bor jur`atini to`plab bir ho`plashda piyolani yarimlatdi, qovog`ini sal-pal uydi va bo`g`iq ovozda:

– Ie, shundaymi! Yaxshi ish bo`lmapti, ­– dedi.

– ...O`g`lim kasalxonada yotganda, siz haqingizda ko`p gapirardi. Shuning uchun, garchi siz o`ta band bo`lishingizga qaramay, o`g`limning vafoti haqida aytishga va sizga minnatdorlik bildirishga botinib kelaverdim...

– Yo`g`-e, qo`ysangiz-chi...

Professor piyolani qo`yib, ko`k mumlama elpig`ichni oldi va qattiq achinish bilan hamdardlik bildirgan bo`ldi:

– Shunday deng. Qanday baxtsizlik! Shunday yoshda-ya, hali hammasi odinda edi-ya... Kasalxonadan xat-xabar bo`lmaganiga sog`ayib ketipti deb o`ylabman... Qachon qaytish qildi?

– Kecha ettinchi kun edi.

– Kasalxonada uzildimi?

– Ha.

– Kutilmaganda-ya!

– Qo`ldan kelgan hamma chora ko`rildi. Demak, taqdirga tan berishdan o`zga chora yo`q. Baribir ajal o`z ishini bajargach, ozib-yozib bir kelganimda hasratlanishga tushdim. Afv etgaysiz.

Suhbat asnosida professor bir g`alati holatni payqab qoldi: ayolning na yuz-ko`zida, na o`zini tutishida tuqqan o`g`lining o`limi aks etmadi. Aqalli bir tomchi ko`zyosh qilmadi. Ovozi ham muloyim-xotirjam. Kamiga, lablarida nimtabassum. Agar ayolning so`zlarini bir chetga yig`ishtirib qo`yilsa, o`rtada kundalik mayda-chuydalar haqida suhbat ketayotganday edi. G`alati, juda g`alati.

...Bundan ancha yillar ilgari, professor Berlinda tahsil olib yurgan paytlari hozirgi kayzerning otasi Vilgelm I qazo qildi. Professor bu xabarni o`zining har doimgi sevimli qahvaxonasida o`tirganida eshitdi, eshitganda ham oddiy xabarni tinglaganday bironta tuki qilt etmay eshitdi. Asosini qo`ltig`iga qistirib pansionatiga qaytdi va eshikni ochishi bilanoq pansionat bekasining ikki bolasi – jigarrang koftadagi o`n ikki yashar qiz va kalta, ko`k ishtondagi to`qqiz yoshli bolakay uning bo`yniga osilib ho`ngrab yig`lashga tushishdi. Gap nimadaligini tushunmagan bolajon professor ularning och mallasoch boshlarini silab yupata boshladi va: “Nima bo`ldi, qo`zichoqlarim?” deb so`radi. Bolalar esa o`pkalarini bosisholmasdi. Nihoyat, hiqillagancha zorlanishdi: “Imperator bobomiz o`lib qoldi!”

Professor davlat rahbarining o`limiga hatto bolalar ham aza tutganiga hayron qoldi. Bu holat professorni hukmron sulola va xalq o`rtasidagi munosabat ustida bosh qotirishga majbur qildi. Busido tarafdori bo`lmish bu yapon ovro`paliklarning his-tuyg`ularini ifoda etishda o`ta ta`sirchan ekanliklarini hech hazm qilolmasdi. Endi esa o`zi manavi ayolning ko`zyosh to`kmaganiga lolu hayron bo`lib o`tiribdi.

Alqissa, professor birinchi kashfiyoti ortidan ikkinchisini ham ochdi.

Bu ular marhum yigit haqidagi xotiralardan turmush ikir-chikirlariga o`tib, yana marhumni xotirlashganda sodir bo`ldi. Gap orasida professorning qo`lidagi elpig`ich polga tushib ketdi. Vaziyat unchalik ham tarang bo`lmaganiga professor elpig`ichni olishga egildi. Elpig`ich stol tagiga, mehmonning kimono pana qilib turgan oq tabisi[6] yoniga tushgan ekan.

Professor bexosdan bir soniyaga ayolning tizzalariga ko`z tashladi. Ayol tizzalariga qo`llarini qo`yib olgan, qo`lida esa oq dastro`mol. Albatta, buni kashfiyot deb bo`lmaydi. Ammo shu dam professor ayolning qo`llari dir-dir qaltirayotganini payqab qoldi. Ayol ich-ichidan to`lib-toshib kelayotgan azob-uqubat bo`ronini bosish uchun ro`molchani barmoqlariga o`rab, shunday tarang tortardiki, sal qolsa, tamom... ro`molcha ikkiga bo`linib, ayol portlab ketadigandek. Nozik barmoqlarga o`ralgan ipak dastro`mol uchlari go`yo shamol esishidan titrab ketmoqda. Ayol tashida kulib tursa-da, aslida butun borlig`i bilan zor-zor bo`zlardi.

Professor elpig`ichni olib, qaddini rostlaganda, uning yuzida yangi ifoda paydo bo`lgandi: bu chehrada endi favqulodda murakkab, ko`rishi kerak bo`lmagan narsaga ko`zi tushganda hosil bo`ladigan xijolatpazlik aralash mamnunlik hissi aks etgandi.

– Hatto bolalarim bo`lmasa-da, sizga qanchalik og`irligini yaxshi tushunaman, – dedi professor past, samimiy ovozda; xuddi ko`zni qamashtiradigan siymoga qaragandek boshini zo`r berib orqaga tashladi.

– Tashakkur. Ammo nima bo`lgan taqdirda ham kapanak kiygan qaytadi-yu, kafan kiygan qaytmaydi.

Ayol andak boshini egdi. Uning osoyishta yuzi avvalgiday nimtabassumdan yal-yal yonardi.

***

Oradan ikki soat vaqt o`tdi. Professor vannaga tushdi, taomlandi, so`ngra olchadan cho`qindi va yana ayvondagi to`qima kursiga yastanib o`tirib oldi.

Professor nimqorong`uda oyog`ini chalishtirib oromkursida yastangancha, fonar-gifuning qizil shokilalariga parishonxotir tikilib qolgandi. Qo`lida yana-tag`in Strindberg, biroq bir sahifa ham o`qiyolmadi. Zotan, professorning o`y-xayollari hamon Nisiyama Tokuko xonimning qahramonona tiynati ila band edi.

Kechlik paytida professor hammasini miridan-sirigacha xotiniga aytib berdi. Mehmonning xulqiga tan berib, uni yapon ayollarining busidosi deb atadi. Xonadon sohibasi, Yaponiya va yaponlarga mehri baland professorning xotini erining hikoyasini ichki bir achinish bilan tingladi. Professor xotini berilib tinglaganidan mamnun bo`ldi. Endi professorning xayolida allatovur o`zgacha tasavvur bittaga ko`paydi – rafiqasi, mehmon xonim va fonar-gifu.

Professor anchagacha shunday baxtiyor o`ychanlikda o`tirdi. Ittifoqo, bir jurnalga maqola yuborishi kerakligi yodiga tushib qoldi. Bu jurnalda “Zamonaviy yoshlarga maktub” rukni ostida obro`-e`tiborli kishilarning odob-axloq masalalariga oid qarashlari chop etilardi. Bugungi voqeani qog`ozga tushirib jo`natsinmikin?.. Shularni o`ylab, professor boshini qashidi.

Birdan qo`lidagi kitob esiga tushib tashrif qog`ozi qistirilgan sahifani ochdi. Shu daqiqada oqsoch kirib, fonar-gifuni yoqqandi, mayda harflarni ham o`qisa bo`ladigan yorug`lik tushdi. Professor o`qigisi kelib-kelmay sahifaga ko`z tikdi. Strindberg shunday deb yozgandi:

“Yoshligimda Xayberg xonimning (adashmasam, u parijlik edi) dastro`moli haqida ko`p gapirishardi. Xonimning yuzi kulib, qo`li dastro`molni yirtardi. Bu ikkiyoqlama o`yin uslubi deb atalardi. Endilikda biz buni bema`ni uslub deymiz...”

Professor kitobni tizzasiga qo`ydi. Nisiyama Tokukoning tashrif qog`ozi turgan sahifa ochiq qoldi. Lekin endi professor mehmon xonimni o`ylamasdi. Na xotinini, na yapon madaniyatini. Xayoli halovat topgan botiniga putur etkazgan mubham o`ylar bilan band edi. Albatta, Strindberg kalaka qilgan sahna uslubi bilan axloq masalalari o`rtasida osmon bilan ercha farq bor. Lekin o`qilgan mana shu jumlada vannadan qushday engil bo`lib chiqqan professorning dilini xufton qiladigan yashirin nedir shama bor edi. Busido va mazkur uslub...

Professor domangir bo`lib boshini chayqadi va tepaga, fonar-gifuning kuzak o`t-o`lanlari yolqinlanayotgan yorqin nuriga tikildi.

Ryunoske AKUTAGAVA, yapon adibi (1892­–1927)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.



[1]“Tubsizlikdan” (lot.).

[2]Fonar-gifu – gazeta qog`ozi, karton yoki oddiy qog`oz bilan turli shakllarda o`ralgan elektr chiroq. Kunchiqar mamlakat xalqi bu chiroq orqali Quyoshga ishora qilishmoqchi bo`lgan. Dastlab Yaponiyaning Gifu shahrida ishlab chiqarilgan (bu va bundan keyingi izohlar tarjimonniki).

[3]Busido (yap. “jangchi yo`li”) – samuraylar kodeksi, chinakam jangchining jamiyatda, jangda va o`zi bilan o`zi yolg`iz qolganda xulq-atvor me`yorlari, juda qadim o`tmishga borib taqaluvchi jangchilar falsafasi.

[4]Xakama – uzun va keng an`anaviy yapon ishtoni.

[5]Yaponlarda erkaklarga hurmat ma`nosida ism-sharifga “-kun” qo`shimchasi qo`shiladi. Ko`proq rasmiy tusdagi “o`rtoq” ma`nosida keladi.

[6]Tabi ­– oyoqning boshmaldoq qismi ayri, to`piqqacha tortiladigan ana`anaviy yapon paypog`i.

    Boshqa yangiliklar