Joriy yilning 12 iyul kuni Toshkentda BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta`minlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" to`g`risidagi rezolyusiyasining muhokamasiga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tadi, deb xabar qildi O`zbekiston TIV.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O`zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi ko`magida tashkil etiladi.
Tadbirning asosiy maqsadi — BMTning Markaziy Osiyo bo`yicha rezolyusiyasi mohiyatini va ahamiyatini, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta`minlashda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbatida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, "O`zbekiston temir yo`llari" davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Fanlar akademiyasi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, xorijiy mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan xorijiy jurnalistlar ishtirok etadi.






