1

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo`ldi

Siyosat 06.07.2018, 22:02
Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo`ldi

Ma`lumki, 1994 yil 6 iyulda Qozog`iston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga ko`chirish to`g`risida qaror qabul qilgan. 1997 yil 10 dekabrda Prezident Nursulton Nazarboevning farmoniga muvofiq Oqmola shahri Qozog`iston Respublikasining poytaxti deb rasman e`lon qilingan. 1998 yil 6 may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb o`zgartirilgan. 2008 yili qabul qilingan qonunga muvofiq “6 iyul – Poytaxt kuni” davlat bayrami etib belgilangan.

O`tgan davrda shahar hududi ancha kengayib, zamonaviy binolar barpo etildi. Ostona mamlakatning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy markaziga aylandi.

Bu erda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham o`tkazilgan. Jumladan, Qozog`iston poytaxti 2011 yilgi qishki Osiyo o`yinlari, 2017 yilgi xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazmaga mezbonlik qilgan.

Ostona tarixida mamlakatimiz uchun ham e`tiborga molik jihatlar ko`p. O`zbekiston Prezidentlari, parlament va hukumat delegasiyalari bu erda bir necha bor bo`lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22-23 mart kunlari Ostonaga davlat tashrifi bilan kelgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu shaharda o`tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti sammitlarida ham ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoev 2017 noyabrda Samarqandda o`tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mintaqa mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Rasmiy Ostona bu taklifni birinchilardan bo`lib qo`llab-quvvatladi. Joriy yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo`ldi. Yubileyda Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

Tantanali marosimda mamlakatimiz san`at ustalari tomonidan ham kuy-qo`shiqlar, raqslar ijro etildi. Bayram tadbiri xalqlarimiz do`stligi, madaniy yaqinligini yana bir ifodasi bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1