"O`zbekkonsert" badiiy kengashi Shahlo Ahmedova va Jasur Umirovning kliplarini rad etdi

Madaniyat 17.07.2018, 10:46
"O`zbekkonsert" badiiy kengashi Shahlo Ahmedova va Jasur Umirovning kliplarini rad etdi

“O`zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi Qo`shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy Kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Kengashda 10 nafar xonanda tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko`rib chiqildi. Bu haqda muassasaning matbuot xizmati xabar beradi.

Unda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Lola Axmedovaning “Erka desam”, “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura Yuldashevaning Ozarbayjon tilida kuylangan “Man bir ayri”, xonanda Xurshid Rasulovning “Yoshligimga qaytgim keladi”, xonanda (Shahzoda) Zilola Musaevaning “Jajji qizaloq” hamda xonanda Navro`z Sobirovning “Bu tuproq” deb nomlangan qo`shiqlariga ishlangan kliplari muhokama etilib, ushbu ijrochilarga kliplardagi ba`zi juz`iy kadrlarni to`g`rilash sharti bilan efirga uzatish uchun tavsiya berildi.

Xonanda Shahlo Axmedova ijro etgan “Indama” qo`shiq matni she`riyat talablariga mutlaqo javob bermasligi, “oldi-qochdi” jumlalardan iboratligi, unga ishlangan videoklipdagi tasvirlarda milliy mentalitetimizga mos bo`lmagan, ma`naviyatimizga zid xatti-harakatlar, “ommaviy madaniyat”ni targ`ib qiluvchi raqslar aks etganligi bois ushbu klip rad etildi.


Xonanda Hadicha Qurbonova ijro etgan “Yolg`iz qiz” qo`shig`iga ishlangan videoklip to`liq nihoyasiga etmaganligi hamda musiqasini milliy cholg`ular asosida boyitish kerakligi tushuntirildi. Xonandaga klipni tayyor holda navbatdagi Kengashga topshirilishi ma`lum qilindi.

Xonanda Jasur Umirov ijrosidagi “Xo`rlandi yurak” qo`shig`iga ishlangan videoklipda kompyuter grafikasidan o`rinli foydalanilmaganligi, qo`shiq matni mazmunan sayozligi va videoklipdagi ayrim o`rinsiz kadrlar olib tashlanishi lozimligi ijodkorga tushuntirilib, ushbu klip rad etildi.

Xonanda Nodir Niyozov tomonidan ijro qilingan “Ona” qo`shig`i matni yaxshi yozilgani e`tirof etilib, klipdagi tushunarsiz kadrlarga e`tiroz bildirildi. Mazkur kamchiliklar bartaraf etilgandan so`ng, xonandaning videoklipi Badiiy Kengashda qayta ko`rib chiqiladigan bo`ldi.

Xonanda Elvira Yusupova (“Ko`k choy” guruhi) ijro etgan “I love you, Bukhara” qo`shig`iga ishlangan videoklipdagi ayrim juz`iy kamchilik ya`ni yigit tomonidan qizni ko`tarish raqsi olib tashlash tavsiya etildi. Xonanda tomonidan joyida to`g`rilanganligi uchun ruxsat berildi.

Kengash a`zolari tomonidan xonandalarga qo`shiqlar va ularga ishlangan videokliplardagi qo`shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g`oyaviy-badiiy darajasiga alohida e`tibor qaratishini, shuningdek, odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko`rinish madaniyatiga zid bo`lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma`naviyatga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg`ularini haqorat qiluvchi holatlarning oldini olishga e`tibor qaratishi lozimligi tushintirilib kelinmoqda.

Sharhlar