So`zlarning ham jinsi bormikan, deb o`ylab qolaman, ba`zan. Birini erkak aytsagina yarashadi, biri ayolning o`zginasi uchun o`ylab topilgandek. Asosan, ro`zg`orga aralashib, uy yumushlari bilan kuymalanib, yugur-chopdan bo`shamayotgan ayol tiliga vaziyat taqozosi bilan ne-ne naqllar kelmaydi, deysiz! Bir qarasangiz, «yopig`liq qozon»ni ochmaslikni so`rab, qo`shni ayol bilan sirlashishga tushib ketadi, bir qarasangiz, sizni «chuchvarani xom sanagan» kishiga chiqaradi-qo`yadi. Nima bo`lganda ham, zinhor-bazinhor uning «sovuniga kir yuvolmaysiz». Xullas, hayotiy tajribamdan kelib chiqib, shuni aytishim mumkinki, ayolni bezab turuvchi faqat upa-elik emas! Mundoq e`tibor bersangiz, ayollarga chinakamiga husn bag`ishlab turuvchi, kayfiyatini ifodalovchi shu – naqllar! Buni men, mahallamizda barchaga ma`lum va mashhur «Maqolchi Sharofatxonning» «zakonniy» eri aytyapman! Mana shulardan uch-to`rttasi.
Bor tovog`im, kel tovog`im, bormasang-kelmasang, o`rtada sin tovog`im!
Buni biror erkak kishidan emas, ayollardan ko`p eshitamiz. Rafiqamning aytishicha, ushbu naql, asosan, quda-andachilik munosabatlariga taalluqli ekan. Ayollar bu borada ishning ko`zini biladi, deymizmi yoki kirishimlimi, xullas, «tovoq sindirmaslik» mas`uliyati har jihatdan ularga bog`liq.
Bilganim shuki, odatga ko`ra, qudalar bir-birinikida to`yningmi yo ziyofatningmi isini olsa, darrov yo`lga tushadi. Quruq qo`l bilan emas, albatta, tog`ora hozirlanadi. Tansiq taom, sarpo, sovg`a-salom bilan yo`qlashning o`zgacha gashti bo`lsa kerak-da. Biz erkaklar bu «taktika»ning sirini bilolmay, sochimizga oq tushadi-yov.
Xullas, nima deyotgandim, ketarda quda tomon ham bo`sh kelmaydi, kelgan tog`orani «siylab» qaytaradi. Mabodo, buning aksi bo`lsa bormi, tomoshaning kattasini ko`rasiz! Qisqasi, bu naqlning ma`nosi «Qudangiz sizni siylab, shuncha narsa berib yuboribdimi, siz ham uni siylang, bo`sh qaytarmang. Kezi kelib, unikida biror yig`in bo`lib qolsa, siz ham xuddi shunday yo`l tutasiz. Aks holda, quda-andachilik munosabatlari soviydi», degani. O`rta yo`lda tovoq sindirib yurmang, tag`in,xonimlar!
Urvog`iga chidagan yupqa qilsin
Xotinimning «maqollar» bisotida shunaqasi ham bor ekan. Eshitib hayron qoldim. So`rasam, u shunday dedi: «Urvoq – xamir mushtlayotganda, yoyayotganda taxta va supraga yopishib qolmasligi uchun sepiladigan un. Ayniqsa, «yupqa» tayyorlanayotganda urvoqnisbatan ko`proq ishlatiladi. Bu – maqolning to`g`ridan-to`g`ri ma`nosi. Ma`jozan olib qaralganda esa «Bir ish qilmoqchi bo`lsangiz, chiqimidan qochmang, cho`chimang, dadil qadam tashlang!», degani bo`ladi. Qiziq, bu naqlni xotinim menga tekkizib aytdimikan yo?..
Chiqqan qiz – chiydan tashqari
Bilamiz, bu maqolni ko`p eshitgansiz. Ayniqsa, «Kuyovingiz meni xafa qildi» deya endi arz qilaman deganingizda onangiz «Chiqqan qiz – chiydan tashqari», deydilar. Yashasin, oilaparvar qaynonalar! Sharofatxon, nima dedingiz?!
Endi bu maqolning tarixiga to`xtalsak (ma`nosi ayni erkaklarbop, menga juda yoqadi!). Etnograflar uni Samarqand viloyatining Namozgoh qishlog`ida yozib olinganini ma`lum qilishadi. Maqol izohi shunday keltiriladi: «Modomiki, erkak uyga va uydagilarga xo`jayin ekan, xotinning qarindoshlari ayrim hollardagina uning turmushiga aralashadilar. Chiy – o`tovga tashqari tomondan qoplanadigan qamish to`siq. Bundan kelib chiqadiki, turmushga berilgan qiz chiydan, o`tovdan, demak, oila a`zoligidan tashqariga chiqqan. Shuning uchun uning yangi oilasi, turmushiga bo`lar-bo`lmasga aralashavermaslik kerak».
Erga tegish oson, etik tortish qiyin
Eshitmagan bo`lsangiz, diqqat qiling. Qadimda erning, shuningdek, qaynota-qaynonaning etik-mahsisini tortib echib qo`yish kelinlik vazifasi, farz sanalgan. Birmuncha qiyin, ba`zan kishiga malol keluvchi mana shu «etik tortish»da butunboshli uy-ro`zg`or ishlari qalashib ketgani, ayol kishiga nechog`li og`irligi o`z ifodasini topgan. To`g`risi, bu maqolni xotinimdan ko`ra, men tez – tez ishlataman. Yaxshi-da, ortiqcha gap – so`zga hojat yo`q. «Erga tegish oson, etik tortish qiyin», desangiz bo`lgani.
«Kelinlik – sizning qizlik davringiz emas, shunday ekan, endi bunday qiyinchiliklarga ko`niking, chidang», deyilmoqchi-da, unda.
Meni ham maqolchi, deb o`ylamang. Yangangiz, Sharofatxondan eshitganlarimni aytib berdim, xolos. Shu-u-uncha ma`lumotni miyaga sig`dirib yurish qiyin-da, menga ham. Oxori to`kilmagan gaplarni sizga ilindim. Yangilari bo`lsa xabarlashamiz!
Sharofatxonning eri Qo`chqorvoy