1

Erkinjon Turdimov: «Endi deputatlar saylovchilar bilan zarur bo`lsa tunu kun ishlaydi»

Siyosat 20.07.2018, 13:33
Erkinjon Turdimov: «Endi deputatlar saylovchilar bilan zarur bo`lsa tunu kun ishlaydi»

Kecha, 19 iyul kuni Samarqandda xalq deputatlari viloyat kengashining ellik to`rtinchi sessiyasi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi «Zarafshon» nashri. Sessiyada o`tgan davrda viloyatda amalga oshirilgan ishlar va echimini kutayotgan muammolar muhokama qilingan.

Deputatlar yilning ikkinchi yarmida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokorlar va aholi uchun sharoitlar yaratish, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, viloyatda hududlararo 6 ta perinatal markaz tashkil etish, viloyat «Ona va bola skrining markazi»da sitogenetik laboratoriya tashkil qilish lozimligi bo`yicha takliflarini kiritgan.

Viloyatda yoshlarga oid davlat siyosati, fermer xo`jaliklarining er uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va boshqa yo`nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar yuzasidan hisobot va takliflar sessiyada ko`rib chiqilgan.

Sessiya yakunida so`zga chiqqan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov shunday dedi:

— Qog`ozbozlik, hisobotbozlik, tadbirbozlikdan endi butunlay voz kechamiz. Har bir rahbar va mas`ul o`ziga birkitilgan ish uchun javob beradi. Hokimlar haftaning yakshanba kuni, tashkilot rahbarlari payshanba kuni xalq oldida o`z faoliyati bo`yicha gazeta, televidenie va radio orqali hisob beradi. Shuning uchun ular o`z sohasi bo`yicha tumanlardagi ahvoldan xabardor bo`lishi, aholining muammosini echishga tayyor turishi lozim.

Endi deputatlardan ham bevosita deputatlik faoliyati yuzasidan saylovchilar oldidagi hisoboti jiddiy so`raladi. Ular saylovchilar bilan zarur bo`lsa tunu kun ishlaydi, muammosini joyida hal etadi. Bajarilgan ishlarni quruq hisobot emas, amalda bo`lishini ta`minlaydi. Agarda bu tadbirlar xo`jako`rsinga qilinsa, ommaviy axborot vositalari orqali barchaga oshkor qilamiz. Maqsadimiz — odamlar davlat rahbarining xalq bilan muloqot qilish talabi bajarilayotganini sezib yashasin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1