Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi 64-sonli maxsus maktabga bordi. U bu haqda o`zining Facebook’dagi sahifasida ma`lum qildi.
Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotganlar uchun yaratilgan shart-sharoitni o`rgandi. Keyingi kunlarda mazkur muassasada sodir bo`lgan holat maktab jamoasi, mutasaddilar va jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Turli xil ko`ngilsiz voqealar ro`y bermasligi bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.


Shuningdek, viloyat rahbari Samarqand shahridagi 1- va 10-son mehribonlik uylari, keksa va nogironligi bo`lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida ham bo`lib, mazkur muassasalar faoliyati bilan tanishgan.
131 nafar keksa va nogironligi bo`lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida bir qator muammolar borligi kuzatildi. Jumladan, binoda lift ishlamaydi, yuvinish xonalari ta`mirtalab, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan. Muassasa hovlisida obodonchilik ishlari o`z holiga tashlab qo`yilgan. Yozgi pavilonda krovat-so`rilar bor, biroq sharoit yaratilmaganligi sababli bahavo joyga hech kim kelmaydi.
“Har qanday jamiyat muammo va kamchiliklardan xoli emas. Lekin muammoli masalalarni o`z vaqtida aniqlash va tezda bartaraf etish har bir sohaning mas`ul kishilari bilan birga, keng jamoatchilikning ham asosiy vazifasi bo`lishi lozim”, - deya yozgan E.Turdimov.






