AsosiySport

Hasanboy Do`smatovni boksga etaklagan tasodif, hayotidagi kutilmagan voqea, Messi va boshqalar haqida

'Hasanboy Do`smatovni boksga etaklagan tasodif, hayotidagi kutilmagan voqea, Messi va boshqalar haqida'ning rasmi

Milliy olimpiya qo`mitasi Olimpiya o`yinlari chempioni, 2016 yilgi jahonning eng yaxshi bokschisi Hasanboy Do`smatovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

Avval kikboks, keyin esa boks

Avvaliga sportning kikboks turi bilan shug`ullanardim. Olimpiya zaxiralari kollejida ham aynan ushbu yo`nalish bo`yicha o`qishni istagandim. Biroq, u erda kikboks yo`nalishi yo`qligi sabab boksni tanlaganman. Shu tariqa, kollejda boks bo`yicha tahsil ola boshladim.

Dietolog tavsiyasiga ko`ra ovqatlanadi

Ovqatlanish tartibi haqida gapiradigan bo`lsam, kuniga uch mahal ovqatlanamiz. Terma jamoamizda dietologlar ham bor. Taomlarni aynan ularning tavsiyasiga binoan iste`mol qilamiz.

Sevimli sportchisi – futbolchi

Sevimli sportchim «Barselona»ning argentinalik futbolchisi Lionel Messidir. Uning o`yinlari, maydonda o`zini tutishi menga juda yoqadi. Bokschilardan esa filippinlik afsonaviy charm qo`lqop ustasi Menni Pakyaoga havas qilaman.

Kutilmagan voqea

Hayotimdagi eng kutilmagan voqea sifatida Olimpiada chempioni bo`lganimni ko`rsatishim mumkin. To`g`risi, buni ko`pchilik, shu o`rinda o`zim ham kutmagandim. Ammo bu sharafli vazifani uddalay oldim. Bundan judayam xursandman.

Intizom va mehnat

Chempionlikka erishish uchun birinchi navbatda intizom va albatta qattiq mehnat talab etiladi. Shuningdek, murabbiy ko`rsatmalarini ham o`z vaqtida va to`liq bajarish lozim.

Osiyo o`yinlarida chempion bo`lmoqchi

Qit`adagi to`rt yillikning eng nufuzli musobaqasi ham oson kechmaydi. Chunki, u erda barcha chempionni mag`lub etishga harakat qiladi. Unga qarshi ringga ikki barobar kuch bilan chiqishadi. Chempion ularning barchasiga qarshi turib bera olishi lozim. Asosiy maqsadim Osiyo o`yinlari chempioni bo`lib, Vatanimiz bayrog`ini yana bir bor jahon arenalarida yuqoriga ko`tarishdir. Nasib qilsa, O`zbekistonga chempion bo`lib qaytamiz.

    Boshqa yangiliklar