AsosiyJamiyat

Islom Karimov ShHT sammitida Ukrainadagi muammoni bartaraf etishga doir o`z fikr-mulohazalarini bayon qildi

Avvalgi xabarlarimizda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-12 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan navbatdagi sammitida ishtirok etishi haqida xabar bergandik. 

ShHTga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov, Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev va Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atambaev ishtirok etdi. Kun tartibiga kiritilgan masalalarni ko`rib chiqish tashkilotga a`zo davlatlar rahbarlari, kuzatuvchi maqomiga ega bo`lgan davlatlar, qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, shuningdek, faxriy mehmonlar ishtirokida o`tgan kengaytirilgan majlisda davom ettirildi. 

Prezident Islom Karimov o`z nutqida bugun Afg`onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi hozirgi ahvolga to`xtaldi, shuningdek, Ukrainadagi muammoni bartaraf etishga doir o`z fikr-mulohazalarini bayon qildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.

“Ukrainadagi muammoni bartaraf etish bo`yicha ham o`z fikr-mulohazalarimizni qisqacha bayon etishni istardim. 

Birinchi. Ukrainadagi muammoni tinch yo`l bilan hal etish bo`yicha Minsk shahrida erishilgan kelishuvlarni, Ukraina va Rossiyaning ushbu masala yuzasidan bildirgan taklif va tashabbuslarini qo`llab-quvvatlaymiz. 

Ikkinchi. Ishonchim komilki, O`zbekiston tomonidan shu yilning 4 martida Ukrainadagi qarama-qarshilikka barham berish va mamlakatda tinchlik o`rnatish bo`yicha Ukraina va Rossiya o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri muzokara jarayonini o`tkazish yuzaga kelgan vaziyatni hal etishning eng maqbul va samarali yo`li ekani haqida bildirilgan takliflar dolzarbligicha qolmoqda va bugun ham o`z tasdig`ini topmoqda. 

Uchinchi. Ukrainadagi muammo yuzasidan har qanday muzokara jarayonlarida Rossiyaning tarixan ko`p asrlar davomida shakllangan azaliy manfaatlari ham e`tiborga olinishi darkor. 

Ushbu manfaatlarni e`tiborga olmaslik jiddiy xato bo`lgan bo`lur edi”,- dedi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov.  

ShHTga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisida tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, o`zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istiqbollari va umumiy manfaatga ega boshqa masalalar muhokama etildi. 

Sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlarining Dushanbe deklarasiyasi, ShHTga a`zo bo`lish istagini bildirgan davlatlarning majburiyatlariga taalluqli qaror va boshqa hujjatlar imzolandi. Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar hukumatlari o`rtasida xalqaro avtomobilda yuk tashish bo`yicha qulay sharoitlar yaratish to`g`risidagi shartnoma imzolandi. 

ShHT Xartiyasiga muvofiq, tashkilotga navbatdagi raislik Rossiya Federasiyasiga o`tdi.

    Boshqa yangiliklar