1

Vatandoshimiz Azizi Rahmon O`zbekiston iqtisodiga hissa qo`shishni niyat qildi

Iqtisodiyot 10.08.2018, 15:00
Vatandoshimiz Azizi Rahmon O`zbekiston iqtisodiga hissa qo`shishni niyat qildi

U Navbahor tumanida uzumchilik va chorvachilikni yo`lga qo`yish harakatida.

Mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi, betakror tabiati, boy tabiiy resurslari hududlarning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yurtimiz xorijiy ishbilarmon va sarmoyadorlar, sayyohlar e`tiborini tortmoqda.

Yuz yillar muqaddam ajdodlari Buxoro viloyati Fijduvon tumani hududida istiqomat qilgan va taqdir taqozosi bilan chet elga ko`chib ketgan yurtdoshimiz Azizi Rahmon ota-bobolari bu maftunkor o`lka haqida ko`p bor to`lqinlanib gapirganini yaxshi eslaydi. Shu bois u ham O`zbekistonga, uning tobora yuksalayotgan iqtisodiga hissa qo`shishni niyat qildi. Tadbirkor qator tuman va shaharlarda bo`lib, hududlardagi sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Navbahor tumanida o`z biznesini yo`lga qo`yishga qaror qildi.

– Meni viloyat va Navbahor tumani rahbarlari iliq kutib olishdi, – deydi Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan tadbirkor Azizi Rahmon. – Mahalliy hokimlik rejalarim bilan tanishgach, tuman hududidan 70 gektardan ortiq er maydoni ajratdi. Bu erda “Farid Azizi” mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkil etdik. Endi uzumchilik va chorvachilikni yo`lga qo`yish harakatidamiz. Yaqin kelajakda to`qimachilik fabrikasi qurib, turli matolar ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchiman. Hozirda hamkorlikda ishlash istagini bildirgan ishbilarmonlar taklifini muhokama qilayapmiz. O`zbekiston tabiati yilning istalgan faslida erdan hosil olish imkonini beradi. Shuni inobatga olib, qishloq xo`jaligi ekinlari ekish bilan ham shug`ullanish niyatim bor. Bundan tashqari, no`xat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar eksportini ham yo`lga qo`yamiz. Bu zaminda etishtirilgan mahsulotlar mazasi, vitaminlarga boyligi bilan ajralib turishi va butun dunyoda yuksak baholanishidan xabarim bor.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Mohammed al Otaiba Group” kompaniyasi bilan tumandagi “Chorva tog`lari” fermer xo`jaligi hamda “Miraziz Akobir” oilaviy korxonasi o`rtasida tuzilgan memorandumga asosan, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish va qayta ishlash yo`lga qo`yiladi. Xususan, mazkur kelishuvga asosan faoliyat boshlagan “Farid Azizi” MChJ tomonidan bog`dorchilik tashkil etish hamda mevani qayta ishlash bo`yicha texnologiyalar keltirib o`rnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida 10 dan ortiq yangi ish o`rinlari yaratiladi.

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1