Jinoyat ko`chasidagi o`smirning yuzi qora, kelajagi zavol bo`ladi

Jinoyat 14.08.2018, 16:43
Jinoyat ko`chasidagi o`smirning yuzi qora, kelajagi zavol bo`ladi

Tun yarmida Adolat xolaning uyqusi qochdi. Bemahal kelishga odatlangan nevarasi Sardorbekni, chetga ishlash uchun ketgan o`g`li va kelinini o`ylab, ko`ngli o`ksidi...

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat

O`g`lini ko`rmaganiga ham 8 yil bo`libdi. O`shanda Sardorbek 9 yoshda edi. "Bechora bolam, qo`y shu sarsongarchilikni. Ke, o`g`lingga otalik qilsang, mening u yog`imdan bu yog`im yaqin bo`lsa..." Shu payt ichkaridan gursillagan ovoz eshitildi. Sardorbek gilamda bejo to`lg`anib yotardi...

Oiladagi notinch muhit va nazoratsizlik farzand beboshligiga sabab bo`ladi. Shu bois mamlakatimizda o`quvchi-yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ta`lim muassasalarida fan, sport va kasb-hunar to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yilgan. Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiya ishlab turibdi. Ota-ona, maktab va mahalla hamkorligida har bir farzand tarbiyasiga e`tibor qaratilmoqda.

Ammo... Voyaga etmaganlar, yoshlar o`rtasida jinoyatlar sodir etilmoqda. Ular kimlar, degan savolga tegishli soha xodimlari javob beradi.

– Voyaga etmaganlar o`rtasidagi jinoyatlar asosan notinch, tez-tez oilaviy janjal bo`lib turadigan, ota-onasi ichkilikka ruju qo`ygan yoki ajrashgan, shuningdek, xorijga ishlash uchun ketgan oilalar farzandlari tomonidan sodir etilmoqda, – deydi O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig`i o`rinbosari Sherzod Rahimov – Shu bois Bosh prokuratura va Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha respublika idoralararo komissiyasi bilan hamkorlikda nazoratsizlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nosog`lom oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga etmaganlar o`rtasida ijtimoiy-ma`naviy muhitni yaxshilash, bolalarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo`yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilib, hududlarda to`liq ijroga qaratilgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, voyaga etmaganlar o`rtasida joriy yilning 6 oyida 362 jinoyat sodir etilgan. Ular orasida o`g`irlik, talonchilik, bosqinchilik va bezorilik kabi jinoyatlar ko`p aniqlangan.

4343 nafar tarbiyasi og`ir voyaga etmaganlar ichki ishlar idoralari tomonidan profilaktik hisobga olingan bo`lib, ularga ta`lim muassasalari va mahalla fuqarolar yig`inlari tomonidan murabbiylar biriktirilib, bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli to`garaklarga jalb etildi.

Bu davrda xulqi ijobiy tomonga o`zgarmagan 508 nafar o`g`il-qiz ixtisoslashtirilgan yopiq turdagi ta`lim muassasalariga joylashtirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ro`yxatga olinganlarning 3807 nafari profilaktik hisobdan chiqarildi.

...Sardorbekning ota-onasi birga yashamasdi. Shundan so`ng ota ham, ona ham bolasini tashlab xorijga ketdi. Oqibatda u qari buvisining qo`lida qoldi. Sardorbek 1-sinfga o`qishga borganda ota-onasi yonida edi. U juda iqtidorli o`quvchi sifatida tilga tushdi. Sport to`garaklariga muntazam qatnasha boshladi. Dastlabki yildayoq faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Oilada muvozanat buzilgach, bolaga alohida e`tibor qaratilmadi. Avvaliga otasini keyin onasini sog`ina-sog`ina zerikkan alamzada bola endi ko`chadan najot qidira boshladi. Topgan do`stlari bilan birga o`z uyidan pul o`g`irladi. Sekin-asta, bilib-bilmay jinoyat ko`chasiga kirib qoldi.

Xalqimizda “Bir bolaga etti mahalla ota-ona” degan maqol bor. Xo`sh, yoshlarning, ayniqsa, o`smirlarning jinoyat ko`chasiga kirishiga nima sabab bo`lmoqda? Nahotki, mahalla, maktab, qo`ni-qo`shni ko`z oldida o`sib kelayotgan boladagi o`zgarishlarni sezmasa. Zotan, tarbiyasi noqis bola oilasiga, mahallaga, jamiyatga hech qanday naf keltirmaydi.

– Mazkur salbiy holatlarning oldini olish maqsadida voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha hududiy komissiya a`zolaridan iborat tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan nazoratsiz va qarovsiz ahvolda yurgan yoshlar aniqlab boriladi, – deydi Sh.Rahimov. – Ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o`tkazilgandan so`ng ham farzandlariga ta`lim-tarbiya berish chorasini ko`rmagan ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma`muriy javobgarlik va boshqa ta`sir choralari ko`rilmoqda.

Jumladan, voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan shug`ullanuvchi barcha organlar tomonidan hamkorlikdagi ishlar to`g`ri yo`lga qo`yilganligi natijasida, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

...Sardorbek Toshkent shahar narkologiya dispanserida ko`zini ochdi. Yonida buvisi yig`lab o`tirardi. Uning mehribon buvisiga mehri iyidi...

Gulnoza Boboeva, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1