AsosiyMadaniyat

Yulduz Turdieva: Bu bayram bizni jahonga tanitgay

'Yulduz Turdieva: Bu bayram bizni jahonga tanitgay'ning rasmi

Iste`dodli maqom ijrochisi, 2009 yilda Bokuda o`tkazilgan Baynalxalq mug`om festivali g`olibi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Yulduz Turdieva “Yoshlar ovozi” gazetasi orqali joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda bo`lib o`tadigan Xalqaro maqom san`ati anjumani yuzasidan munosabat bildirdi.

— O`zbek xalqi boy musiqiy merosga ega. Birgina maqom san`ati va bu yo`lda yaratilgan kuy-taronalarning o`zi biz uchun tengsiz qadriyatdir.

Bolalikda laparlar eshitib, ulg`aydim. Buvim Buxoro “Shashmaqom”ini maromiga etkazib kuylardi. Bora-bora men ham an`anaviy ijrochilikka qiziqdim. Ana shu orzu-havas bilan O`zbekiston davlat konservatoriyasiga o`qishga kirdim. Shukrki, menga san`at darg`alaridan saboq olish nasib etdi.

... 2009 yil maqom ijrochisi sifatida tanildim. Bu voqea Boku shahrida ellikdan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida o`tkazilgan Baynalxalq mug`om festivalida yuz bergandi. Yaxshi eslayman, bellashuv shartlari anchayin murakkab edi. Rosti, finalga chiqa olishimga ishonmasdim. “Birinchi o`rin – O`zbekiston!”, degan e`lon esa, meni tamoman esankiratib qo`ygandi.

O`sha festival bahonasida ko`plab xorijiy san`atkorlar bilan tanishdim, do`st tutindim. Ular san`atimizga tahsin aytib, o`zbek maqom ustalari har qanday millatning maqomini kulay olishini e`tirof etganida boshim ko`kka etgandi.

O`shandan buyon “qani endi, o`zimizda ham xalqaro maqom festivallari o`tkazilsa-yu, san`atimizni jahonga yanada to`kis namoyon eta olsak”, degan istak bilan yashab kelyapman. Mana, nihoyat orzuim ushaladigan bo`ldi.

Prezidentimizning 2018 yil 6 apreldagi qaroriga muvofiq, endi yurtimizda har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san`ati anjumani o`tkaziladi. Nasib etsa, birinchisiga sentyabr oyida Shahrisabz shahrida guvoh bo`lamiz. Bundan juda xursandman. His qilib turibmanki, bu anjuman xalqlarni do`stlashtiradigan, o`zaro hamjihatlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlaydigan katta san`at bayramiga aylanadi.

Festival doirasida “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ`ibotchisi”, “Eng yosh maqomchi” kabi nominasiyalar bo`yicha mukofotlar ta`sis etilgani esa, maqom yo`nalishida ijod qiladigan yoshlar uchun ham ma`naviy, ham moddiy rag`bat bo`lib, ularning yanada yuksalishiga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Boshqa yangiliklar