1

Xiyonat (badia)

Mutolaa 04.09.2018, 20:15
Xiyonat (badia)

Tong yorishishiga hali ancha bor, er bag`irlab qolgan oymomo yuzidagi dog`lardan uyalgandek bo`zarib turadi.

Derazadan boqib turgan yulduzlar goh-gohida xira bulutlar bag`riga yashirinib, berkinmachoq o`ynamoqchi bo`ladilar. U esa hech nimaga parvo qilmay, o`z o`ylariga bandi bo`lgancha xayol surib o`tiradi. Uning o`ylaridan o`zi-yu Yaratgandan bo`lak hech bir kim voqif emas... Birovga aytsa tili kuyadi, aytmasa dili... Endi hech kim, hech nima nima uning taqdirini o`zgartira olmaydi...

****

- Ketishingiz shartmi? - sevgilisining boshqa qishloqdoshlari singari chetga ishlagani ketayotganini bilib, qizning fig`oni falakka chiqadi.

- Bir-ikki yilcha ishlay, qaytaman... - aybdorona javob beradi yigit.

Qiz barcha dardlarini ichiga yutadi, nimalar deb qarg`anganini, muhabbatning go`riga qancha g`isht qalaganini bilmaydi ich-ichida. «Sevgingiz yolg`on bo`lsa, ketavering o`sha ayozli yurt quchog`iga... Rozimasman... Kechirmayman!..»

****

- Qizim, seni so`rab kelishdi, - onaizor qizining rad javobiga ko`nikaverib, sovchilar kelmay qolganidan siqilib yurgan kunlarining birida qizning quvonchiga chek qo`yilganini suyunchilaydi go`yo.

- Bilganingizni qiling, oyi, - zarda bilan javob qaytaradi u, - menga hammasi baribir...

Ona qizidagi bu holat sababini anglolmay, lol qoladi. So`rashga botinolmaydi, aniq sababi ko`rinib qolib, qizi yana fikridan qaytib qolishidan hadiksiraydi.

- Yaxshi oila ekan, yigit o`qimishli, qo`lida hunari bor, - o`zicha hisob beradi ona, - dadang ikkimizga manzur bo`ldi, bir necha marta kelishdi...

Qiz indamaydi. Onasiga nazar tashlab qo`yishni ham lozim topmaydi. «Bir yildan oshdi ketganiga. Mana endi qo`ng`iroq qilishni ham unutib qo`ydi... Mayli, bilganini qilsin. Ko`ziga issiq ko`ringan o`sha yurtning beqadr pullarimi yo ko`zini bog`lagan mallasoch ilonlarimi... o`ziga buyursin!»

****

Ular uchrashdilar...Yigit oyisi ta`riflagandek, ko`rsa ko`rimli, maqtasa maqtagulik...

Bugungi uchrashuv ular uchun tumanga yo shaharchaga chiqib, muzqaymoq eyishdan farq qilardi. Aylanishlar bo`lmagandi. Bu nikoh to`yi oldidan o`tkaziladigan tibbiy ko`rikdagi «uchrashuv» edi. Shu erda uni «unutib yuborgan» muhabbatiga duch keldi... Ko`zlarda avvalgi nur ko`rinmaydi, ko`rinishi bir ahvolda...

Qiz natijalar yozilgan tahlil qog`oziga ko`z tashladi. «Yo`llanma» qaerga ekanini o`qib, dahshatga tushdi...

- Yaratganim... O`zingga shukr, meni shunday halokatdan asrab qolganing uchun behad minnatdorman...

- Hamma narsaning o`z to`lovi bo`ladi... - unga javoban sekingina shivirlaydi qalbi...

- Axir men undan ketmaslikni o`tinib so`ragan edim-ku... O`z yo`lini o`zi tanladi axir!

- Lekin sen uni sevarding-ku? Baxt hamisha cho`loq otda kelishini unutding...

Qiz yori bilan kelin liboslari tanlashga boradi. Ko`rikning ijobiy natijalari qo`llarini kuydiradi go`yo...

****

To`y soati yaqinlashaverishi qizni asabiy qilib qo`yadi. Nega u uchrashishga urinmayapti? Nega birorta dugonasi orqali xat yozib, izoh berishni istamayapti? Nahotki uni unutib yuborgan bo`lsa? «U senga kim ediki, izoh bersa? Sevganida o`shandayoq ketmagan bo`lardi...»

Kutilmaganda, «Ertaga to`y» degan kuni dugonasidan eshitgan gaplari qizning yuragini muzlatib qo`yadi: suyuklisi qizning sadoqatiga tayanib, sovuq yurtlarda javlon urib mehnat qilib yurgan kunlarda... uning to`yi xabarini eshitib, butkul o`zini yo`qotadi, ichkilikka beriladi, o`zini tubanlik avj olgan manzillarga uradi... Maosh kechikkani uchun qo`ng`iroq qilolmadim deb o`zini ayblaydi, kechikkan maoshni esa hayotiga qo`shib, sovuradi...

****

Kelinlik uyiga borlig`i kul bo`lgan oppoq libosdagi surat kirib boradi...

Sharpadek hissiz, izsiz, sassiz hayot kechira boshlaydi u... Na zavjiga ko`ngli iliydi, na o`tmish hayotidan qora dog` bo`lib qolgan yuragini sug`urib olib, itlarga tashlay oladi... Oyisiga aytgani kabi, «Hammasi baribir...» bo`lib yashay boshlaydi, vujudida marhuma bir qalb bilan nafas oladi...

****

Tong yorisha boshlaydi. Ayol mijjalaridagi yoshni artib, deraza tomonga o`giriladi. Kunning qizg`ish nurlari tutam-tutam bo`lib, har tomonga yoyiladi. Bola bezovta bo`lib yig`laydi...

- Meni kechir, farishtam... Shuncha paytdan buyon hayotimda eng qadrli bo`lib kelgan odamlarimga vafo qilolmadim, avval xudbin o`ylarim bilan sevgilimga, keyin u qoldirgan xotiralarni unutolmay, otangga xiyonat qildim... Senga alla aytishga ham haqsiz sezaman o`zimni...

Chaqaloq hech nimani anglamaydi. Ammo, ayol bu norasida go`dak uni hammadan ham ko`proq, hammadan yaxshiroq tushunishiga umid bog`laydi. Tong otib-otmay, devorlariga lolaqizg`aldoqlar bo`ylagan hovlidan mayin alla ovozi eshitiladi...

Shahnoza Eshmirzaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1