Latviya hukumati Rossiya va Belarus fuqarolariga mamlakat hududida ko‘chmas mulk xarid qilishni taqiqladi. Bu haqda “LSM” nashri “Milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi bitimlarni cheklash to‘g‘risida”gi yangi qonunga tayanib xabar bermoqda.
Qonun nafaqat jismoniy, balki yuridik shaxslar — ya’ni Rossiya yoki Belarus kompaniyalariga ham tatbiq etiladi. Cheklovlar qonun kuchga kirganidan keyin tuziladigan bitimlarga nisbatan amal qiladi.
Biroq ayrim istisnolar mavjud. Agar Rossiya yoki Belarus fuqarosi Latviyada doimiy yashash huquqiga ega bo‘lsa, u yagona yashash uyini sotib olishi mumkin. Shunga qaramay, boshpana (qochqin) maqomiga ega shaxslar ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.
Shuningdek, ko‘chmas mulkni meros qilib olish yoki sud qarori bilan mulk huquqi berilgan holatlar ham ushbu taqiq doirasidan chiqarilgan.
Latviya bunday choralarni milliy xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, Rossiya va Belarus bilan bog‘liq geosiyosiy xavflarni kamaytirish maqsadida joriy qilgan.