AsosiyJamiyat

Yoshlar bandligini ta`minlashga xizmat qiluvchi Xalqaro ko`rgazma yangi yo`nalishda o`z ishini boshlaydi

'Yoshlar bandligini ta`minlashga xizmat qiluvchi Xalqaro ko`rgazma yangi yo`nalishda o`z ishini boshlaydi'ning rasmi

Mamlakatimizdagi hamda dunyodagi etakchi oliy ta`lim muassasalarida mavjud bo`lgan kasb va mutaxassislik yo`nalishlari bilan yoshlarni tanishtirish, kasb tanlashga ko`maklashish, Hukumatimiz tomonidan ta`lim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni targ`ib qilish, bo`sh ish o`rinlari haqida yoshlarga ma`lumotlar berish, ularning bandligini ta`minlashga ko`maklashish maqsadida an`anaviy tarzda tashkil etiladigan “Ta`lim va mutaxassislik” XIX Xalqaro ko`rgazmasi joriy yilning 20-22 sentyabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da bo`lib o`tadi.

Ko`rgazma O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Ko`rgazma ta`lim va bandlik yo`nalishlarida tashkil etilib, unda mahalliy oliy ta`lim muassasalari hamda AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy o`quv yurtlari va ularning O`zbekistondagi filiallari, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta`lim muassasalari, xorijda ta`lim olishga ko`maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta`lim muassasalari hamda o`quv kurslari ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, ko`rgazma davomida bozor iqtisodiyoti sharoitida eng raqobatbardosh, talab qilinayotgan mutaxassisliklar bilan tanishtiruvchi ta`lim dasturlari namoyish etiladi hamda bandlikka ko`maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida “Bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasi” o`tkaziladi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarini o`rgatishga qaratilgan bepul to`garaklar va o`quv kurslarida ta`lim olish to`g`risidagi taqdimotlar ishtirokchi yoshlarda katta qiziqish uyg`otishiga shubha yo`q.

Navbatdagi ko`rgazmada ilk bora Toshkent shahridagi kasb-hunarga o`rgatish markazi va xorijda ishlash istagida bo`lgan yoshlar uchun Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur ko`rgazmaning ochilish marosimida Yoshlar ittifoqi tomonidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamkorligida birinchi marotaba tashkil etilgan “Men tanlagan oliygoh” videoroliklar tanlovining taqdirlash marosimi ham bo`lib o`tadi.

“Ta`lim va mutaxassislik” XIX Xalqaro ko`rgazmasiga uch kun davomida 14 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan 20 mingga yaqin yoshlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar