Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Toshkentda mintaqa tranzit salohiyatini birgalikda rivojlantirish, xalqaro transport yo`laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro tashuvlar jarayonidagi turli to`siqlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, me`yoriy-huquqiy baza va tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida o`tkaziladigan “Markaziy Osiyo xalqaro transport yo`laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning 2-sho``ba yig`ilishida “Temir yo`l transportini rivojlantirishning xalqaro va mintaqaviy tendensiyalari” mavzucida so`z yuritiladi. Unda ishtirokchilar e`tiboriga,
- Jahon va Markaziy Osiyo temir yo`l transporti infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari;
- Markaziy Osiyo davlatlari temir yo`l tarmoqlariga axborot texnologiyalari, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy etish;
- Markaziy Osiyo temir yo`l transporti infratuzilmasida xorijiy investisiyalarni jalb qilish va xalqaro moliya tizimlari ishtirokidagi yangi loyihalarni ishga tushirish;
- Markaziy Osiyoda yangi temir yo`l transportkoridorlarini yaratish va mavjud koridorlarni takomillashtirish;
- Markaziy Osiyo temir yo`l davlatlari temir yo`l kompaniyalari o`rtasida o`zaro hamjihatlik va hamkorlikning yangi formatlari va usullari;
- Temir yo`l tariflarini tartibga solish, shu jumladan O`zbekistonning eksport qiluvchi korxonalariga nisbatan;
- Markaziy Osiyo temir yo`l transporti infratuzilmasidan xorijiy davlatlarning dengiz portlariga chiqish uchun foydalanish;
- Markaziy Osiyo temir yo`l transporti kommunikasiyalari rivojlanishining kompleks muammolari va cheklovlari masalalari bo`yicha turli xil davlatlardan kelgan mutaxassislarning ma`ruzalari havola qilinadi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari temir yo`llarining uzunligi 22 ming kilometrga teng. Mintaqadagi temir yo`llarning qariyib 18 foizi O`zbekiston hududidan o`tadi. So`nggi yillarda Markaziy Osiyoda o`zaro ishonch va do`stona muhit sharoitida transport loyihalarini ro`yobga chiqarish bo`yicha amaliy choralar ko`rilmoqda.
2016 yil 22 iyun kuni Angren – Pop temir yo`li ochildi. 2017 yil mart oyida esa Toshkent – Olma ota yo`nalishi bo`ylab tezyurar poezdlar harakati yo`lga qo`yildi.
2017 yilda Amudaryo orqali o`tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir yo`l va avtomobil ko`priklari ochildi. Bu yuk tashish hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini berdi.
Joriy yil mart oyida G`alaba – Amuzang – Xoshadi temir yo`l liniyasi ishga tushirildi. Bu tranzit yuklarni tashishni rivojlantirishda muhim rol o`ynaydi. Bundan tashqari Turkmaniston va Afg`onistonga chiqish uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2011 yilda Afg`onistondagi ilk temir yo`l – Hayraton – Mozori Sharif liniyasini bunyod etgan O`zbekiston ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo`shmoqda. Istiqbolda Afg`oniston iqtisodiyotini tiklashga xizmat qiladigan "Mozori Sharif – Hirot" temir yo`lini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur yo`l O`zbekistonning tovar ayirboshlash va tranzit imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz, natijada esa mamlakatimiz Erondagi, shu jumladan, Bandar Abbos va Chobahor bandargohlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniga ega bo`ladi.
"O`zbekiston temir yo`llari" AJ Axborot xizmati xabariga ko`ra, bo`lajak konferensiyada mintaqamiz transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, uni xalqaro transport xabiga aylantirish, Markaziy Osiyo orqali o`tadigan xalqaro transport yo`laklarining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo`yicha takliflar ishlab chiqish kutilmoqda.






