AsosiyJamiyat

​Abdusalom Azizov AQSh Milliy gvardiyasi delegasiyasini kutib oldi

'​Abdusalom Azizov AQSh Milliy gvardiyasi delegasiyasini kutib oldi'ning rasmi

18 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo`mondoni – shtat gubernatori o`rinbosari, general-mayor Jeyson Boylz boshchiligidagi harbiy delegasiyani kutib oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O`zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta`minlash borasida fikrlar almashildi.

Suhbat davomida mudofaa vaziri A. Azizov mamlakatlararo har tomonlama va ko`p rejali hamkorlikni rivojlantirishda joriy yilning may oyida Amerika Qo`shma Shtatlariga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat hamkorligi uchun katta yutuqlar zaminini yaratganini aytib o`tdi.

Shundan keyin mehmonlar Qurolli Kuchlar akademiyasining vazifa va faoliyati hamda malakali harbiy kadrlarni etishtirishda zamonaviy yondashuvlar, kursantlarning ta`lim olishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o`tgan yildan boshlab xorij davlatlari mudofaa idoralari bilan o`zaro hamkorligi yangi bosqichga ko`tarildi. Mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasidagi chora-tadbirlar ko`lami tobora kengayib, oliy harbiy ta`lim muassasalarida professor-o`qituvchilar, ko`p yillik xizmat tajribasiga ega ofiserlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, dolzarb yo`nalishlardagi izlanishlar xorij tajribasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar