1

Shavkat Mirziyoev AQShning xalqaro diniy erkinlik bo`yicha elchisi bilan uchrashdi

Siyosat 19.09.2018, 08:49
Shavkat Mirziyoev AQShning xalqaro diniy erkinlik bo`yicha elchisi bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 sentyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan AQShning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar bo`yicha elchisi Samuel Braunbekni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil may oyida Vashington shahrida bo`lib o`tgan, O`zbekiston – AQSh strategik sherikligida yangi davrni boshlab bergan oliy darajadagi muzokaralar natijalari yuksak baholandi.

O`zbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, shu jumladan, diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikni ta`minlash sohasidagi konstruktiv muloqotga muhim ahamiyat qaratayotgani qayd etildi. Prezidentimiz O`zbekistonning din sohasidagi siyosati barcha konfessiya vakillari uchun teng sharoitlar yaratishga asoslanganini ta`kidladi.

O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida diniy-ma`rifiy sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish borasida aniq choralar ko`rildi.

Bag`rikenglik, mehr-oqibat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bilimga intilish kabi xalqimiz mentalitetining ma`naviy-ahloqiy asoslarini saqlash va boyitish, dinga aloqador madaniy merosni asrab-avaylash bo`yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka etkazishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Islom sivilizasiyasi markazi, O`zbekiston islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi.

O`zbekiston barchaning ta`lim olishiga keng imkoniyat yaratish, bag`rikenglik va o`zaro hurmat muhitini mustahkamlash, vijdon va din erkinligi hamda e`tiqod qiluvchilarning boshqa huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” nomli BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Samuel Braunbek samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSh O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli o`zgarishlarni yuqori baholashi va qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.

Mamlakatimiz diniy erkinlik va inson huquqlarini ta`minlashda katta muvaffaqiyatlarga erishgani alohida qayd etildi.

Tomonlar O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi ko`p qirrali, xususan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, bag`rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta`minlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1