Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Elbek Shukurov o`zining «Facebook»dagi sahifasi orqali poytaxt aholisiga videomurojaat yo`lladi.
«Hurmatli Toshkent aholisi va shahrimiz mehmonlari!
Men Jahongir Ortiqxo`jaev rahbarligidagi shahar hokimiyatining yangilangan komandasida ish boshlaganimga mana bir oydan ko`proq vaqt bo`ldi. Menga ma`suliyatli lavozim - ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, sport va yoshlar siyosati sohalarini o`z ichiga olgan ijtimoiy masalalar bo`yicha hokim muovini vazifasi ishonib topshirildi.
Biz katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishimiz kerak bo`ladi. Samarali natijalarga erishish uchun, real imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda, biz o`zimiz uchun uchta eng muhim prinsipni belgilab oldik - bu shaffoflik, halollik va Toshkent aholisi manfaatlari yo`lida ish yuritish.
Biz fuqarolarimizning faolligi yuqori ekanligini kuzatib turibmiz va barchamiz uchun foydali bo`lgan aloqalarni barpo etishda ijtimoiy tarmoqlarni kuchli vosita, deb hisoblaymiz.
Bu kabi video murojaatlar, muntazam ravishda o`tkaziladigan so`rovnomalar, bajarilgan ishlar haqida hisobotlar va aholi talablariga javob qaytarish muntazam ravishda amalga oshiriladi va bizga har doim aloqada bo`lishga imkon beradi», - deb yozgan Elbek Shukurov.






