Avval xabar qilganimizdek, Italiya poytaxti Rim shahrida o`z ishini boshlagan Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Evropa mintaqaviy byurosining 68-sessiyasi qizg`in pallaga kirdi...
Ma`lumki, JSSTning Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo 53 ta davlat, jumladan, O`zbekiston ham mazkur nufuzli tashkilot tomonidan ilgari surilgan “Salomatlik — 2020” strategiyasini qo`llab-quvvatlagan edi. “Salomatlik – 2020” strategiyasi Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, inson salomatligi va bo`lajak nasllar kamolotiga salbiy ta`sir etadigan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo`naltirilgan yirik dastur hisoblanadi. So`nggi ikki yil mobaynida O`zbekistonda ushbu strategiyani amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yurtimizda olib borilayotgan tibbiy islohotlar bugun yangi bosqichda davom etmoqda. Endilikda, tibbiyot xodimi faoliyatiga soha amaldorlari emas, balki oddiy odamlar, aholining bevosita o`zi xolis baho beradigan tizim yaratish yo`lida ish olib borilmoqda.

Sessiya doirasida so`zga chiqqan Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov o`z ma`ruzasida ana shu masalalar xususida to`xtaldi. Jumladan, u O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tizimni takomillashtirish dasturi va unda belgilangan asosiy vazifalarga, shuningdek, yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirish maqsadida jahonning etakchi xorijiy investorlarini jalb qilish borasidagi ishlarga e`tibor qaratdi. Jumladan, “Sog`liqni saqlashni moliyalashtirish nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun ham bebaho investisiyadir. Bu O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham yaqqol o`z ifodasini topmoqda”, degan A.Shadmanov.






