O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida «Ta`lim va mutaxassislik» XIX Xalqaro ko`rgazma o`z ishini boshladi.
Ko`rgazma 2 yo`nalishda, ya`ni ta`lim va bandlik yo`nalishlarida tashkil etildi. Unda AQSh, Xitoy, Fransiya, Xindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy o`quv yurtlari va ularning O`zbekistondagi filiallari, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta`lim muassasalari, xorijda ta`lim olishga ko`maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta`lim muassasalari hamda o`quv kurslari ishtirok etdi.
Shuningdek, ko`rgazma doirasida bandlikka ko`maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida «Bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasi» tashkil etilib, unda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi ham qatnashdi.
—O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarni o`rgatishga qaratilgan bepul to`garaklar va o`quv kurslarida ta`lim olish to`g`risidagi taqdimotlar menda katta qiziqish uyg`otdi. Kelgusida mazkur to`garaklarga biz ham a`zo bo`lib, ma`qul bir kasbning boshini tutmoqchimiz, — deydi ko`rgazma ishtirokchisi Gulmira Rasulova.
Tadbir tashkilotchisi Bunyodbek Gafurov ushbu ko`rgazma orqali O`zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar o`quv yurtlarida mavjud mutaxassisliklar bo`yicha ta`lim olishning imkoniyatlari, qo`shimcha hunar o`rganish yoki malaka oshirish istagida bo`lgan yoshlarga respublikamizda faoliyat olib borayotgan o`quv markazlari hamda ulardagi mavjud yo`nalishlar haqida batafsil ma`lumot berib, o`quv yurtlarini jihozlash uchun ishlab chiqarilgan, texnik vositalar, o`quv-metodologik adabiyotlar, mebel-jihozlar va kompyuterlashtirishning eng oxirgi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Ko`rgazmaga uyushmagan yoshlar, umumta`lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik lisey o`quvchilari, abiturientlar, talabalar, ularning ota-onalari, o`quv muassasalarining vakillari va barcha qiziquvchilar tashrif buyurishdi. Ishtirokchi Mehriddin Sultonov ham o`zining ko`rgazma haqidagi taassurotlari bilan bo`lishdi.
—Bugungi ko`rgazma men uchun juda ahamiyatli bo`ldi. Chunki 4 yildan beri talaba bo`lolmayapman. Ammo bu erdagi 20 ga yaqin ta`lim muassasalari qolaversa, bir qator tayyorlov kurslari faoliyati va natijalar haqida to`liq ma`lumotga ega bo`ldim. Ko`rgazma orqali MDIS Tashkent Oliy ta`lim muassasi qoshidagi tayyorlov kursiga a`zo bo`ldim. Bugungi tashrif men uchun to`g`ri tanlov imkoniyatini yaratdi.
«Ta`limva mutaxassislik» XIX xalqaro ko`rgazmasi joriy yilning 22 sentyabriga qadar davom etadi.






