AsosiyJamiyat

Ko`zi ojizlar kutubxonasining filiallari tashkil etiladi

'Ko`zi ojizlar kutubxonasining filiallari tashkil etiladi'ning rasmi

Nogironligi bo`lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko`rsatish tizimini takomillashtirish to`g`risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, nogironligi bo`lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko`rsatish tizimini takomillashtirish hamda ko`zi ojizlar kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Dasturga binoan, maxsus axborot-kutubxona muassasalari tomonidan axborot-kutubxona xizmati ko`rsatish uchun nogironligi bo`lgan shaxslar to`liq qamrab olinishi maqsadida respublikadagi 1, 2 va 3-guruh nogironligi bo`lgan shaxslar ro`yxati shakllantiriladi hamda har uch yilda yangilab boriladi.

Shakllantirilgan ro`yxat asosida 250 nafar ko`zi ojiz shaxslar yashaydigan tuman (shahar)larda yangi ko`zi ojizlar kutubxonasi filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, nogironligi bo`lgan kitobxonlar o`rtasida “Eng faol kitobxon”, “Brayl yozuvida tez va ifodali o`quvchi kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi ko`rik-tanlovlarni muntazam va bosqichma-bosqich o`tkazib borish, shuningdek, Markaziy ko`zi ojizlar kutubxonasida Brayl yozuvida adabiyotlar chop etish uchun tipografiya hamda audio kitoblar yaratish maqsadida ovoz yozish studiyasini ochish rejalashtirilgan.

Qaror bilan axborot-kutubxona muassasalariga kelishga imkoniyati yo`q foydalanuvchilar uchun Internet orqali audio kitoblardan foydalanish tizimini yo`lga qo`yish hamda ko`chma kutubxonalar tashkil etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.

    Boshqa yangiliklar