AsosiyJamiyat

​Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tartibi takomillashtirildi

'​Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tartibi takomillashtirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to`g`risidagi yo`riqnomaga kiritilgan o`zgartirishlar Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tkazildi.

O`zgartirishlarga asosan, endilikda doimiy propiskaga qo`yish uchun turar joy, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar, nikoh tuzilganlik, tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomalar nusxalarini notarial tasdiqlatish shart emas.

Ro`yxatning 5-bandi bo`yicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiskaga kirishda er-xotinning kamida bir yil birgalikda yashayotganligi to`g`risidagi ma`lumotnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi.

Bundan tashqari, o`zgartirish bilan ro`yxatning 5-bandi bo`yicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilingan shaxs bir yil ichida nikohi bekor qilinsa olingan doimiy propiskani yo`qotishi belgilandi.

Shuningdek, tashkilot rahbari iltimosnomasi asosida doimiy propiskaga ega bo`lgan shaxs, xuddi shunday iltimosnoma kiritishi mumkin bo`lgan boshqa tashkilotga ishga o`tgan taqdirda, uning propiskasi bekor qilinmaydi.

Buning uchun fuqaro bir oy muddat ichida ish joyidan berilgan ma`lumotni ichki ishlar organlariga (pasport stolga) taqdim etishi lozim.

Propiskaga kirgan shaxslarning oila a`zolarini propiskaga kiritish tartibi ham aniqlashtirildi.

Xususan, ro`yxatning 5-bandi asosida (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilinadigan fuqarolarning oldingi nikohidan yoki nikohsiz tug`ilgan farzandlari (o`z oilasiga ega bo`lmagan) doimiy propiska qilinadi.

Xuddi shunday, ro`yxatning 9 – 12-bandlari (respublika ahamiyatidagi tashkilotlarga ishga kirgan, saylangan shaxslar) propiska qilingan fuqarolarning ular bilan bir vaqtda doimiy propiskani rasmiylashtirmagan oila a`zolarini (eri, xotini, shuningdek o`z oilasi bo`lmagan farzandlari) doimiy propiska qilish, turar joy maydoni mulkdorining roziligi bilan tegishli ravishda amalga oshiriladi.

O`zgartirishlarga muvofiq ro`yxatning 2-bandi asosida (qarindoshlik asosida) propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari (xotini yoki eri, o`z oilasiga ega bo`lmagan voyaga etgan bolalar hamda er-xotinning voyaga etmagan bolalari) Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilinmasligi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar