Buyuk Britaniyaning London shahrida FIFA-2018 yil yakunlariga ko`ra, The Best FIFA Football Awards taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar berdi RIA novosti nashri.
Unda yilning eng yaxshi futbolchisi, murabbiyi, darvozaboni va boshqa sovrinlar o`z egalariga topshirildi. "Liverpul" hujumchisi Muhammad Salohning Angliya chempionati doirasida "Everton" darvozasiga kiritgan goli FIFA tomonidan 2018 yilning eng chiroyli goli deb topildi. Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham 2018 yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida qayd etilgan.
Yilning eng yaxshi darvozaboni uchun topshiriladigan sovringa Belgiya terma jamoasi hamda "Real Madrid" darvozaboni Tibo Kurtua munosib topildi. Peru terma jamoasi muhlislari FIFA talqiniga ko`ra, eng yaxshi muxlislar deya e`tirof etilgan. "Real Madrid" hamda Xorvatiya terma jamoasi futbolchisi Luka Modrich esa yilning eng yaxshi o`yinchisi deb topildi.






