Xabaringiz bor, Adliya vazirligi tomonidan 2018 yilning 17-30 avgust kunlari “Inson huquqlari bo`yicha onlayn murojaat” aksiyasi o`tkazilgan edi. Mazkur o`tkazilgan aksiya doirasida 620 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Ushbu aksiya natijalarini Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali orqali ma`lum qildi.
Ma`lumotda keltirilishicha, murojaatlarga javoblar muallif xohishiga asosan, elektron pochta yoki telefon raqami biriktirilgan “Telegram” messendjeri orqali yuborildi.
Murojaatlarning 191 tasi shaxsiy huquq va erkinliklarga rioya etish, 152 tasi mehnat qilish huquqining kafolatlari, 88 tasi ijtimoiy ta`minot olish, 84 tasi mulk huquqi, 59 tasi ta`lim olish, 31 tasi huquqbuzarliklar profilaktikasi va 15 tasi malakali tibbiy yordam olish bilan bog`liq bo`lgan masalalar tashkil etdi.
Murojaatlarning 255 tasi qanoatlantirilgan bo`lsa, 323 tasi bo`yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 42 tasi esa tegishliligiga ko`ra boshqa tashkilotlarga yuborildi.
429 ta murojaat bevosita tuman (shahar) adliya bo`limlari tomonidan ko`rib chiqilib, 26 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aksiya doirasida tuman (shahar) adliya bo`limlari tomonidan 16 ta taqdimnoma va 2 ta ogohnoma kiritilgan bo`lsa, sudlarga 51 mln. so`mdan ortiq summaga 3 ta da`vo arizasi kiritildi, shuningdek tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 4 ta ma`muriy javobgarlikka va 1 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar yuborildi.
Xususan, TMEK tavsiyasiga asosan Romitan tumanida yashovchi 2-guruh nogironi B. Hamroevga ish beruvchi tomonidan unga mos keluvchi ish berilmaganligi natijasida mehnatda mayib bo`lganligi sababli sog`lig`ini tiklash uchun sarflagan 30 mln. so`m miqdoridagi moddiy zararni va 15 mln. so`m ma`naviy zararni undirish to`g`risida Romitan tuman adliya bo`limi tomonidan sudga da`vo arizasi kiritildi.
Shuningdek, G`uzor tuman adliya bo`limi tomonidan fuqaro M.Xursanovning 3 mln. 700 ming so`m ish haqi va unga etkazilgan 400 ming so`m ma`naviy zararni undirish to`g`risida sudga da`vo arizasi kiritildi.
Fuqaro Z. Sarievaning murojaati joyiga chiqib o`rganilmaganligi va unga o`z vaqtida javob berilmay qolganligi uchun huquqbuzar S. Dosovga nisbatan To`rtko`l tuman adliya bo`limi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi. Shu kabi, murojaatni ko`rib chiqish tartibi buzilganligi sababli huquqbuzar Sh. Hafizovga nisbatan to`plangan hujjatlar Boysun tuman adliya bo`limi tomonidan sudga yuborildi.
Aksiya doirasida Yangibozor tuman adliya bo`limining 2018 yil 25 avgustdagi 92-son taqdimnomasiga asosan, fuqaro G. Kuchkarova Yangibozor tuman DSENMga avvalgi lavozimiga ishga tiklandi.
Huddi shunday, fuqaro V. Shokirov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda qabul qilinganligi munosabati bilan, uni bekor qilish to`g`risida Kosonsoy tuman adliya bo`limi tomonidan taqdimnoma kiritildi.
Shu bilan birga, fuqaro S. Shermatovaning yosh oilalar uchun qurib bitkazilgan uyida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan murojaati Navbahor tuman adliya bo`limi tomonidan tuman hokimligi ishtirokida ko`rib chiqilib, xonadonni ta`mirlash ishlari tashkillashtirildi.
Fuqaro D. Qudratovaning maktab direktori tomonidan asossiz ravishda dars soatlari qisqartirilganligidan noroziligi haqidagi murojaati Karmana tuman adliya bo`limining aralashuvi bilan ijobiy hal etildi. Fuqaro D. Qudratovaga 13 soat dars tayinlanib, sinf rahbarligiga qayta tayinlandi.
Bundan tashqari, aksiya davomida fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish yuzasidan loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi nizomga moddiy yordam pulini nafaqat doimiy yashash joy bo`yicha, balki vaqtincha yoki hisobda turgan joyda ham olishi mumkinligi yuzasidan tegishli o`zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Yuqoridagilarga ko`ra, fuqarolarning huquqiy ongini yanada oshirish va ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan bu kabi onlayn aksiyani doimiy ravishda o`tkazib borish rejalashtirilmoqda.






