Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo`yicha “El-yurt umidi” jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi farmonga imzo chekdi.
Mazkur hujjat xorijda yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega bo`lgan olimlar, mutaxassislar va iste`dodli yoshlar bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish kabi maqsadlarda qabul qilingan.
“Iste`dod” jamg`armasi negizida tamoman yangi “El-yurt umidi” jamg`armasi faoliyat yuritadi. Jamg`armaning shu paytga qadar bajarib kelgan funksiyasi bundan buyon ham davom etaveradi. Endilikda jamg`arma zimmasiga xorijdagi vatandoshlar bilan muloqot qilish vazifa ham yuklandi.
“El-yurt umidi” jamg`armasi magistratura va doktorantura dasturlari bo`yicha tanlov o`tkazish va tayyorgarlikni tashkil qilish, shuningdek, davlat tuzilmasi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta`lim va ilmiy muassasalarning istiqbolli mutaxassislarini rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy va ta`lim muassasalariga malakasini oshirish va stajirovkadan o`tkazishga ham jo`natadi.
Farmon bilan yangi jamg`armaning tashkiliy tuzilmasi, uning Nizomi, Vasiylik kengashi tarkibi hamda xorijda ta`lim olish, stajirovka o`tash va malaka oshirish uchun nomzodlar o`rtasidagi tanlov Tartibi ham tasdiqlandi.
Jamg`arma stipendiyalari har yili tasdiqlanadigan maqsadli dasturlarga muvofiq quyidagicha ajratiladi:
• xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga – 2 oygacha;
• xorijiy ilmiy, ta`lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o`tashga – 6 oygacha muddatga;
• etakchi xorijiy oliy ta`lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida o`qishga – 1-2 yil mobaynida;
• doktorantura dasturi bo`yicha esa 1-4 yil mobaynida.
Tanlovdan o`tgan stipendiatlarga jamg`arma stipendiyalari quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:
• xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarda o`qish qiymatining to`lovi;
• stipendiatlarning viza olish harajatlari;
• barcha turdagi transport vositalari bilan o`qish joyiga qadar – yilda bir martadan ortiq bo`lmagan yo`lkira xarajatlari;
• borgan mamlakatdagi o`qish davrida yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;
• zarur o`quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar xarid qilish;
• xorijda o`qish davrida stipendiatlarni tibbiy sug`urtalash.
Jamg`armaning moliyaviy ko`magi bilan magistratura yoki doktorantura dasturlari bo`yicha ta`lim olgan stipendiatlar tuzilgan shartnomada belgilab qo`yilgan muddat davomida oliy ta`lim yoki ilmiy muassasa, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyatini zimmalariga oladi.
To`g`rirog`i, chet elda malaka oshirib yoki stajirovka o`tab kelgan stipendiatga, uni tavsiya etgan oliy ta`lim yoki ilmiy muassasada, shuningdek, davlat tashkilotlarida 3 yildan kam bo`lmagan muddat davomida ishlab berish sharti qo`yiladi. Basharti stipendiat magistratura yoki PhD dasturi bo`yicha chet elda ta`lim olganda, egallagan mutaxassisligi bo`yicha 5 yildan kam bo`lmagan muddatda, stipendiatni o`qitishga qilingan barcha harajatlar mikdori 75 ming AQSh dollaridan ortiq bo`lsa, ularga 7 yilgacha uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Endilikda jamg`arma xorijdagi malakali vatandoshlarimiz hamda O`zbekistondagi kadrlar zahirasiga ehtiyoji bor vazirlik va idoralar uchun o`ziga xos ko`prik vazifasini o`taydi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
huzurida multimedia markazi bilan
hamkorlikda tayyorlandi






