AsosiyJamiyat

Bojxona “tashmachilar”ga nisbatan ko`rilayotgan choralar haqida ma`lumot berdi

'Bojxona “tashmachilar”ga nisbatan ko`rilayotgan choralar haqida ma`lumot berdi 'ning rasmi

O`zbekiston Davlat bojxona qo`mitasi “G`ishtko`prik” chegara bojxona postida jismoniy shaxslar oqimining keskin o`sishi sabablari haqida ma`lumot berdi.

Prezidentning 2018 yil 6 fevraldagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar ayrim turdagi tovarlarni istisno qilgan holda, Davlat chegarasidagi avtomobil yo`li o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 300 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni boj to`lovlarini to`lamasdan olib kirishlari mumkinligi belgilab qo`yildi.

DBQ ma`lum qilishicha, ayrim fuqarolar, “tadbirkorlar” bojxona to`lovlaridan qochib, berilgan imtiyozdan tijorat maqsadida foydalanishga urinish holatlari ortib bordi.

“Ayrim fuqarolar tovarlarni tashib berishni o`ziga kasb qilib, bir kunda 7-8 martagacha chegarani kesib o`tishgacha borishdi. Bu respublikamiz ichki bozoriga sifati kafolatlanmagan tovarlar kirib kelishi ortidan, nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlari, balki yurtdoshlarimiz salomatligini ham ma`lum bir darajada xavf ostiga qo`ya boshladi”, - deyilgan bojxona qo`mitasi xabarida.

Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi “Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o`tish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan davlat chegarasining avtoyo`l (yo`lovchi), temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona to`lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o`tishning miqdoriy normalari tasdiqlandi.

Qaror qabul qilingach, tovarlar olib o`tish hajmi keskin kamaydi. Shu boisdan “tadbirkor”lar tovar olib o`tish maqsadida boshqa fuqarolarni jalb etish, soddaroq aytganda ma`lum bir haq evaziga ularni yollash yo`liga o`tishdi.

Bojxona qo`mitasi ma`lumotiga ko`ra, bir kunda “G`ishtko`prik” chegara bojxona postini kesib o`tayotgan shaxslarning soni qariyb 40 000 nafarga etdi va ularning aksariyatini ana shu yollangan “tashmachilar” tashkil etmoqda hamda bojxona organlari tomonidan ana shunday shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko`rilmoqda.

Bunday vaziyatda, “G`ishtko`prik” postida keksalar, ayollar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yosh bolali ota-onalar, homilador ayollar hamda ortiqcha tovarlari bo`lmagan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida ular uchun alohida o`tish yo`lagi joriy qilindi.

Shuni ta`kidlash joizki, qo`shni davlatlar bilan o`zaro hamkorlikning tobora rivojlanayotganligi, viza va chegara bo`yicha kelishuvga erishilgani, aholi uchun chegaradan o`tish soddalashtirilgani, respublikaning boshqa davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalari rivojlanishi natijasida tovar aylanmasi hajmi ham keskin ortib bormoqda.

Shuningdek, qo`shni davlat fuqarolarining O`zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanishi ham bojxona postlarida tirbandliklarni yuzaga kelishiga sabab bo`lmoqda.

Shu sababli, “G`ishtko`prik” chegara o`tkazish punktining o`tkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yil dekabr oyida bu o`tkazish punktida qo`shimcha bino va inshootlarning foydalanishiga topshirilishi natijasida fuqarolarni o`tkazish qobiliyati 2 barobarga ortishi kutilmoqda.

Jismoniy shaxslar tomonidan olib o`tilayotgan tovarlar va transport vositalarini belgilangan tartibda ko`zdan kechirmaslik sifati kafolatlanmagan hamda kontrabanda tovarlarini kirib kelishiga sharoit yaratib, respublikaning iqtisodiy xavfsizligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Shu bois, mamlakat iqtisodiy manfaatlarini ta`minlash, xususan yashirin importning ta`siridan himoyalash maqsadida ayni paytda chegara-bojxona postlaridagi noqulay vaziyatni bartaraf etish bo`yicha bojxona qo`mitasi tomonidan tegishli ishlar olib borilayotgani ma`lum qilingan.

    Boshqa yangiliklar