Tanlovning tuman va shahar bosqichlari sentyabr-oktyabr oylarida mamlakatimizning barcha tuman (shahar)larida bo`lib o`tadi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 25 oktyabirga qadar davom etadi.
Qayd etish lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq bu yilgi mukofotni topshirishda bir qancha yangiliklar joriy qilindi.
Jumladan bu gal mukofot ta`lim, fan, adabiyot, madaniyat, san`at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, har bir viloyatdan ikki nafardan iqtidorli qizlarga berilishi belgilandi.
Shu bilan birga umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo`lgan o`quvchilari oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa oliy ta`lim muassasalarining magistraturasiga tegishli yo`nalish va ixtisoslik bo`yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinishi belgilandi.
Shuningdek joriy yilgi tanlovda ishtirokchilarning yosh chegarasi 22 dan 30 yoshgacha uzaytirildi, ya`ni bu fan-ta`lim sohasida ilmiy izlanishlar bilan shug`ullanayotgan olima qizlar uchun keng imkoniyatlarni yaratib beradi.
Bugungi kunga kelib Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo`lgan iste`dodli qizlarimiz jami 283 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 66 nafari adabiyot (23%), 64 nafari madaniyat (23%), 57 nafari san`at (20%), 45 nafari ta`lim (16%), 26 nafari fan (9%), 24 nafari sport (8%) va 1 nafari jamoatchilik yo`nalishlari bo`yicha ushbu mukofot bilan taqdirlanganlar.






