Oliy Majlis Senatining o`n oltinchi yalpi majlisida “Fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovi to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qonun mahalla raisi (oqsoqoli) saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta`minlashga qaratilgan.
Qonun bilan mahalla raisining vakolat muddati ikki yarim yildan 3 yilga uzaytirildi.
Saylovlarda ko`proq fuqarolarning ishtirokini ta`minlash maqsadida hovlilar, uylar, ko`chalardan hamda shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi foizlarda belgilandi.
Jumladan, fuqarolar vakilligining minimal normasi saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo`lgan fuqarolarning 12 %dan kam bo`lmasligi lozim.
Fuqarolar vakillariga nisbatan talablar o`rnatildi. Xususan, qoida tariqasida tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o`rtasida obro`-e`tiborga ega bo`lgan fuqarolar vakil bo`lishlari mumkin.
Mahalla raisi lavozimiga nomzodlar fuqarolar vakillari orasidan yoxud ularning yaqin qarindoshlari orasidan ko`rsatilgan taqdirda, ular fuqarolar vakillari tarkibidan chiqariladi.
Fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlariga ta`sir etish imkoniyatini qoldirmaslik maqsadida fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi o`rnatildi.
Saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash maqsadida mahalla raisi saylovini tashkil etish va o`tkazish, saylov o`tkaziladigan sana, uning vaqti va joyi to`g`risida, rais lavozimiga nomzodlar haqida, ovoz berish yakunlari to`g`risida axborot Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish belgilandi.
Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e`lon qilingach yuridik kuchga ega bo`ladi.






