Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan kompozitorlar, bastakorlar va san`atshunoslar, teatr, kino va ommaviy tadbirlar aktyorlari, rejissyorlari, dirijyorlar, baletmeysterlar, musiqa, xor, raqs, sirk, orkestr, ansambl ijrochilari va ushbu jamoalarning badiiy rahbarlari, doston ijrochiligi namoyandalari, shoir va yozuvchilar, muzey hamda moddiy va nomoddiy madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish sohasida faoliyat ko`rsatayotgan xodimlar, tasviriy va amaliy san`at vakillaridan jami 20 nafari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan rag`batlantiriladi.
O`zA xabariga ko`ra, bugun Madaniyat vazirligida rag`batlantirish marosimi tashkil etiladi.
Tadbir Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston madaniyat va san`at sohasini takomillashtirish bo`yicha 2017-2021 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlar dasturi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining joriy yildagi Milliy madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo`shgan san`atkorlarni hamda o`zbek san`atini dunyo sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlarni qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risidagi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida o`tkazilmoqda.






