"O`zavtosanoat" AJ "GM Uzbekistan" "Shahrixon-Avto Ravon" AJ bilan dilerlik kelishuvini bekor qilganini ma`lum qiladi.
Kelishuvni bekor qilinishiga dilerlik markazi tomonidan tizimli ravishda kelishuv shartlarining buzib kelinishi, "GM Uzbekistan" avtomobillari savdosida shaffoflikning mavjud emasligi, ish jarayonida korrupsiyaga yo`l qo`yishlik, avtomobillarni sun`iy bronlash, xaridorlar o`rtasida talab katta bo`lgan avtomobillarni “yopiq garajlarda” saqlanishi, rasmiy narxlarning ochiq ma`lumot tarzida mavjud emasligi, shartnoma tuzish uchun mavjud bo`lgan avtomobillar haqida yolg`on ma`lumotlar berilishi, faoliyat yuritmaydigan koll-markaz, xodimlarning dilerlik markazlari standartlariga nomunosibligi sabab bo`ldi.
Kompaniya ana shunday qonunbuzarlik holatlariga yo`l qo`yayotgan dilerlik markazlarini aniqlash borasida ishlarni davom ettiradi.
“Agar siz dilerlik markazlarida ana shunday qonunga hilof holatlarning guvohi bo`lsangiz yoki sizdan avtomobil uchun qo`shimcha pul talab qilishsa, darhol 71-141-77-77 raqamlari orqali "GM Uzbekistan" koll-markaziga yoki O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining 10-07 yagona ishonch raqamlariga murojaat qilishingizni so`raymiz. Barcha qonunga xilof harakatlar alohida nazoratga olingan.
Sabringiz va hamkorligingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz!” - deyiladi "O`zavtosanoat" AJning O`zbekiston OAVlariga tarqatgan xabarida.