AsosiyJamiyat

Orol dengizi qurishini qishloq qariyalari oldindan bilganmi?

'Orol dengizi qurishini qishloq qariyalari oldindan bilganmi?'ning rasmi

Dengiz haqidagi shirin orzular...

Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumani Uchsoy qishlog`ida o`tgan asrning 80-yillarida hayot qaynagan. Dengiz portida kemalar navbat bilan tonnalab baliq topshirgan. Bu erda minglab odamlar ishlagan.

photo5307909258471385622.jpg

– Bu gapga bugungi avlod ishonmaydi, – deb boshlaydi hikoyasini qirq yil baliqchilik bilan shug`ullangan uchsoylik otaxon Adiljan Bigeldiev. – 1970-yillarning o`rtalarida Uchsoy qishlog`idagi portda minglab odamlar mehnat qilardi. Biz asosan sudak, bakra, laqqa baliqlarini ovlar edik. Bir kunda bitta kema 50 tonnagacha baliq topshirardi. Uchsoy portining o`zida 20 ga yaqin kema xizmat qilardi.

photo5307909258471385625.jpg

U paytlar charchoq nimaligini bilmasdik. Tuni bilan tonna-tonna baliq topshirib, yana dengizga qaytardik. Mo`ynoqning yigitlari baquvvat, chayir bo`lardi. Harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning asosiy qismi dengiz flotiga jalb qilinardi.

Bir o`zim 120-140 kilogramm tosh bosadigan baliqlarni bemalol tutaverardim. Dengizda bakrabaliq shunday ko`p ediki, afsuski, o`sha paytlar buning qadriga etmaganmiz. Hozir dunyo restoranlaridagi eng qimmat desert sanaladigan bakrabaliqdan olinadigan uvildiriqlar axlatga tashlanardi. Ovqat bakrabaliq yog`idan tayyorlanardi.

Bakrabaliq asosan dengizning o`rtasida bo`lardi. Ba`zan qorong`i tunda adashib ham qolganmiz. Bir kuni qalin tumanda dengiz o`rtasida kompasimiz ishlamay qoldi, deng. Ko`p vaqt adashib yurganmiz. To`satdan yonimizda harbiylar kemasi paydo bo`lgan. Kompasimizni tuzatib, qaysi tomonga yurishimizni ko`rsatgan. Keyin bilsak, biz adashib, o`sha paytlarda eng maxfiy sanalgan hudud – Orol dengizi o`rtasidagi Vozrojdenie oroliga yaqinlashib qolgan ekanmiz.

Bakrabaliqlarga buyurtma ko`p bo`lardi. 1975 yili sohilga minglab bakrabaliqlar chiqib qolgan. Odamlar hayron. Bunday holat avval sira kuzatilmagan-da! Shunda qishloqdagi keksa baliqchilar "Voh, dengizdan ayrildik. Bakrabaliqlarning sohilga chiqib ketishi yaxshilik alomati emas", deyishgan edi.

Mo`ynoqda u paytlar ko`p sonli ural kazaklari ham istiqomat qilardi. Bakrabaliqlarning sohilga chiqib ketish hodisasidan keyin ular ham yoppasiga ko`chib keta boshladi. Hozir o`ylasam, ular ham dengizning kelajagi yo`qligini bilgan.

Ko`p o`tmay dengiz suvi kamayib, qurib borayotganini o`z ko`zimiz bilan ko`ra boshladik. Tuzlilik darajasi oshib, bakrabaliqlar butunlay qirilib ketdi. Keyinchalik tuzli suvga chidamli kambala balig`i ko`paytirildi. Biz 1992 yilgacha baliqchilik bilan shug`ullandik. Eng oxirgi ovlagan balig`imiz shu kambala bo`ldi.

Xalq tilida "baliqlar shohi" deb ataladigan bakrabaliq asosan Qora dengiz, Azov, Kaspiy va Orol dengizlari havzalarida tarqalgan. Balxash ko`li havzasida iqlimga moslashtirilgan.

"Vikipediya" ma`lumotlariga ko`ra, bakrabaliq hayotining bir qismini dengizda (sho`r suvda) o`tkazsa, urchish davrida daryoga (chuchuk suvga) o`tadi. Urg`ochisi 12-14 yoshda, erkagi 8-9 yoshda voyaga etadi. Serpushtligi yoshiga bog`liq. Uzunligi 120-150 santimetr, og`irligi 13-20 kilogramm bo`lganda 210-340 ming uvildiriq (tuxum) qo`yadi. Orol dengizining biologik holati baliqlar uchun yaxshi bo`lganda uvildiriq tashlash uchun Oroldan Amudaryo va Sirdaryo deltasida to`planib, so`ngra daryoning yuqori oqimidagi qulay joylarga ketadi. Tuxumdan chiqqan baliqchalarning bir qismi daryo oqimi bo`ylab dengizga (sho`r suvga) qaytadi, qolganlari esa daryoda qoladi.

Bakrabaliq Orol dengizi havzalarida 1936 yilgacha ko`plab ovlangan. Sirdaryo va Amudaryoda ko`plab irrigasiya inshootlari qurilishi va Orol dengizi ekologik holatining o`zgarishi natijasida ular juda kamayib ketdi. Hozir Amudaryoning quyilish joyidagi suv havzalarida va Zarafshon daryosining quyi qismidagi yirik kanallarda oz miqdorda saqlanib qolgan. O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Uchsoy qishlog`i Mo`ynoq tumani markazidan 18 kilometr narida joylashgan. Bir paytlar gavjum bo`lgan port va baliq zavodlari o`rni hozir bo`m-bo`sh. Dengiz qurigandan keyin baliqchilar boshqa joylarga ko`chib ketgan.

Hozir bu erda dengizning qurigan tubidan gaz qazib olinmoqda. "Uchsoy" ovul fuqarolar yig`ini "Obod qishloq" dasturiga kiritilib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Qishloq aholisining aksariyati ota kasbini davom ettirib, yaqin joylardagi ko`llarda baliqchilik bilan shug`ullanadi.

Sobiq Mo`ynoq konserva zavodi o`rnida esa kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, qator zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda. Konserva zavodi gurillab ishlagan yillarda ishlab chiqarish quvvati yiliga 21,5-22 million bankagacha etgan. Umuman, Mo`ynoqda 1890 yildan boshlab bir asrdan ko`proq vaqt davomida baliq qayta ishlangan. Korxona 1998 yil – faoliyati tugatilgunga qadar boshqa joylardan keltirilgan xomashyo asosida ishlab kelgan.

Orol dengizida bir paytlar 200 ga yaqin dengiz kemasi harakat qilgan va ularda 2 mingdan ortiq baliqchi oila tebratgan. Hozir bulardan faqat shirin xotiralar qolgan, xolos.

Esimxon Qanoatov, O`zA

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar