AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tug`ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog`lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Joriy yil 17-18 avgust kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida o`tkazilgan samarali muzokaralar, ularning yakuni bo`yicha erishilgan kelishuv va imzolangan ikki tomonlama hujjatlar o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-28 sentyabr kunlari MDH Davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Dushanbega amaliy tashrifi doirasida o`tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijakorligi qayd etildi.

Bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib bormoqda. O`zaro savdo hajmi ortib, turli tarmoqlarda kooperasiya, transport-kommunikasiya sohasidagi aloqalar rivojlanmoqda, hududlar o`rtasidagi hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida hamkorlikni rivojlantirish va erishilgan kelishuvlar ijrosini to`liq ta`minlashda muntazam amaliy aloqalar muhimligini qayd etdi.

Muloqot so`nggida davlat rahbarlari O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalari, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko`p qirrali o`zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish borasida intilishlari qat`iy ekanini ta`kidladilar.

    Boshqa yangiliklar