T​oshkentda “TEFI Hamdo`stlik” xalqaro televizion festivali boshlandi

Madaniyat 06.10.2018, 09:57
T​oshkentda “TEFI Hamdo`stlik” xalqaro televizion festivali boshlandi

“TEFI Hamdo`stlik” o`z nufuzi bilan televidenie sohasiga bag`ishlangan boshqa xalqaro festivallardan qolishmaydi. 2011 yilda asos solingan ushbu forum “Rossiya televidenie akademiyasi“ jamg`armasi tomonidan MDH va yaqin xorijdagi televidenie ijodkorlari o`rtasida an`anaviy o`tkazib kelinmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi Hamdo`stlik mamlakatlarida yagona axborot makonini shakllantirishga ko`maklashishdir. Festivalga har yili MDH mamlakatlaridan biri mezbonlik qiladi. “TEFI Hamdo`stlik” doirasida ekspertlar kengashi tuzilib, tajribali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari, zamonaviy televideniening dolzarb muammolariga bag`ishlangan munozaralar, ijodiy ishlar muhokamalari, ochiq suhbatlar o`tkaziladi. Yakunda g`oliblar rag`batlantiriladi.

Toshkentda o`z ishini boshlagan bu galgi festivalda MDH mamlakatlaridan vakillar, xususan, Rossiya televideniesi ustalari – “Moya planeta” telekanali bosh muharriri Nikolay Tabashnikov, “NTV“ telekanali boshlovchisi Sergey Mayorov, rejissyorlar Dmitriy Astraxan, Oleg Shommer, prodyuserlar Mixail Kojuxov, Aleksandr Oleynikovlar qatnashmoqda.

– “TEFI Hamdo`stlik – 2018” festivaliga Toshkent mezbonlik qilayotganidan juda mamnunman, – deydi Oleg Shommer. – Bu shaharga kelishni ko`pdan buyon orzu qilar edim. Shahringiz juda go`zal, uning sharqona latofati, milliy an`analar va zamonaviylik uyg`unlashib ketgan qiyofasi meni maftun qildi.

photo5312295794470136282.jpg

Suhbatimiz davomida u oldingi festivallarda ekspert kengashi a`zosi sifatida, bu gal esa Rossiya va Ozarbayjon qo`shma loyihasi asosida tayyorlangan “Deraza ortidagi nur” filmi bilan qatnashayotgani, o`zbek kino san`atining durdona namunalari bilan ham yaxshi tanish ekanini so`zlab berdi, deb yozmoqda O`zA.

Festivalning o`tgan yillardagi bosh mavzulari axborot teledasturlari, bolalar televideniesi, musiqiy va ko`ngilochar dasturlarga bag`ishlangan edi. Bu galgi anjuman mavzusi “Vatan obrazi: vaqt, makon, taqdir” deb nomlandi. Ya`ni, bu gal yo`nalish tanlashda MDH xalqlarining milliy o`ziga xosligi, ishtirokchilarning qiziqishlari inobatga olingan.

– Forumda MDH mamlakatlari va yaqin xorij telekompaniyalari 10 dan ziyod ijodiy ishlar bilan ishtirok etmoqda, – deydi “Rossiya televidenie akademiyasi“ jamg`armasi matbuot kotibi Aleksandra Revuan. – Bu ko`rsatkichni o`tgan yillar bilan solishtirganda, taqdim etilgan televizion materiallar salmog`i oshganini ko`rish mumkin. Festival ekspertlar kengashiga Rossiya televideniesining professional ijodkorlari jalb etilgan.

Xalqaro televizion anjumanga O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent” telekanali suratga olgan “Jannatmakon O`zbekiston” filmi (“Bag`rikeng O`zbekiston” turkumidan) taqdim etilgan. O`tgan yili Minsk shahrida o`tgan tadbirda yurtimiz telejurnalistlarining “Chorak asr shiddati: Surxondaryo” hujjatli filmi yuksak baholangan edi.

Soha yangiliklari, televidenie ijodkorlari uchun tajriba va mahorat maydoni bo`lishdan tashqari, MDH mamlakatlari o`rtasida do`stona munosabatlar yaxshilanishiga hissa qo`shayotgan “TEFI Hamdo`stlik – 2018 ” 6 oktyabrda o`z ishini yakunlaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1