Bir necha haftadan so`ng O`zbekiston bozorlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsuloti bo`lgan jinsi shimlar savdoga chiqadi, deya xabar bermoqda Podrobno.uz. Bu borada Samarqanddagi B.S.H Group korxonasi birinchi bo`ladi, deb yozadi Daryo.uz.
Toshkentda 13 oktyabr kuni ochilgan Xalqaro O`zbekiston paxta va to`qimachilik yarmarkasida o`z mahsulotlarini namoyish etgan ushbu kompaniya bosh direktori Ismat Omonov so`zlariga ko`ra, jinsi mato Turkiya va Hindistondan keltiriladi, kiyimlar esa Samarqandning o`zida tikiladi.
Ayni paytda ishlab chiqarish quvvati 8 soatlik smenada 1,5-1,8 mingta shimga teng. Yil oxirigacha ushbu ko`rsatkichni bir smenada 5 mingtagacha etkazish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarishga jami 3 million dollar sarmoya kiritilgan.
Bugungi kunda 200 nafar xodimga ega bo`lgan korxona erkaklar, ayollar, bolalar jinsi shimlari, kurtkalar, yubkalar, kombinezonlar va boshqalarni ishlab chiqaradi. Kompaniya vakillari aytishicha, narxlar 40-70 ming so`m atrofida bo`ladi.





