AsosiyShou-biznes

“O`zbekfilm” to`liq metrajli “No`xat polvon” multfilmi ustida ish boshladi

“O`zbekfilm” kinoctudiyasi qoshidagi Multiplikasion filmlar ishlab chiqarish birlashmasi “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan milliy kinematografiya tarixida ilk marta “No`xat polvon” to`liq metrajli multiplikasion (1,5 soat) filmini ishlab chiqarishga kirishdi.

Dastavval to`liq metrajli multfilm adabiy ssenariysi uchun ijodiy tanlov shartlari ishlab chiqilib, matbuot va internet nashrlarida e`lon  qilindi. Tanlovda ko`plab ijodkorlar, mualliflar ishtirok etdi. Ular taqdim etgan asarlar beglingangan mezonlar asosida o`rganib chiqildi. Agentlik badiiy kengashi qaroriga binoan, taniqli ijodkor Ismoil Shomurodovning o`zbek xalq ertaklari asosida yozilgan “No`xat polvon” adabiy ssenariysi g`olib deb topildi. Ayni paytda mazkur adabiy ssenariy bo`yicha “O`zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi multbirlashmada to`liq metrajli multiplikasion film ishlab chiqarish qizg`in davom etmoqda.

Multbirlashma rahbari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Mavzur Mahmudovning ta`kidlashicha, bu ishga Nozim To`laxo`jaev, Dmitriy Vlasov singari taniqli rejissyorlar boshchiligidagi multiplikatorlar guruhi jalb etilgan. E`tiborlisi, mazkur ijodiy loyihaga ko`plab iste`dodli yosh animator va rassomlar ham jalb qilingan. Ularning animasiya sohasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida multbirlashmada maxsus o`quv kurslari ham tashkil etildi.

Hozirgi paytda multfilm qahramonlarining eskizlari chizilib, tayyor holatga keltirildi. Shu kunlarda esa obrazlarni jonlantirish jarayoni boshlab yuborildi. Multfilmda bir nechta qo`shiqlar ham o`rin oladi. Ayni paytda qo`shiqlar matni yozilib, ularga kuy bastalanmoqda.

Engil yumor ruhi bilan yo`g`rilgan ushbu asarda milliy ertaklarimizning mashhur qahramonlari boshdan kechirgan ajoyib-g`aroyib voqealar orqali halollik, mehnatsevarlik, rostgo`ylik, o`zgalarga ko`mak berish singari bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan ezgu g`oyalar tarannum etiladi.

www.uzbekkino.uz bildirishicha,  “No`xat polvon” multfilmini 2015 yilda katta ekranlarga chiqarish rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, “Sog`lom bola yili” davlat dasturida o`zbek xalq ertaklari asosida to`liq metrajli multiplikasion film ishlab chiqarish vazifasi ham belgilangan edi.

    Boshqa yangiliklar