O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 oktyabr kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlar doirasida ko`p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlari o`zaro savdo aylanmasi hajmi izchil ortib, nomenklaturasi kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Hududlararo hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e`tibor qaratildi.
Sanoat, energetika, transport-kommunikasiya, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalarda aniq qo`shma loyihalar bo`yicha ishbilarmonlar o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta`kidlandi.
Madaniy-gumanitar, ta`lim, sog`liqni saqlash va turizm sohalaridagi faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi, bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi an`anaviy do`stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Tomonlar eng muhim masalalar, jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda samarali kurashish bo`yicha yondashuvlari mushtarak ekanini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo`lida intilishlari qat`iy ekanini ta`kidladilar.






