AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Misr bosh imomini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Misr bosh imomini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 oktyabr kuni yurtimizga tashrif bilan kelgan Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qildi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shu yil 4-5 sentyabr kunlari O`zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirish yo`lida tarixiy qadam bo`lganini qayd etdi.

Bugungi kunda muqaddas islom dinining bag`rikenglik tamoyillarini, ma`rifiy qadriyatlarini targ`ib etish, uning insonparvarlik mohiyatini saqlash, diniy-ma`naviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida O`zbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotgani uchrashuvda bayon etildi.

Xususan, «Jaholatga qarshi ma`rifat» bilan kurashish tamoyili asosida islomning ezgu g`oyalarini zamondoshlarimizga, birinchi navbatda yoshlarga etkazish maqsadida Toshkentda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizasiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-o`qituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yo`lga qo`yishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta`kidladi.

Al-Azhar o`z tarkibida islom tadqiqotlari akademiyasi, universitet, ma`hadlar, jome masjidi, bir qancha ilmiy markazlarni birlashtirgan yirik rasmiy diniy majmua hisoblanadi.

Misr Bosh imomi davlatimiz Rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining samimiy salomlari 
va ezgu tilaklarini etkazdi.

Ahmad Tayyib O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuqori baholadi.

O`zbekistonda islom dinining asl mohiyatini o`rganish va targ`ib qilish, diniy-ma`naviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni, BMTda ilgari surgan qator tashabbuslarini to`liq qo`llab-quvvatlashini aytdi.

U islom dini ravnaqiga katta hissa qo`shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarimizning bebaho ilmiy merosini birgalikda o`rganish muhim ekanligini qayd etdi.

Shayx Ahmad Tayyib O`zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani o`zi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda mas`uliyat bag`ishlashini bildirdi.

A. Tayyib Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qo`shma Fatvo hay`atini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlarni va qo`shima tadbirlarni o`tkazish bo`yicha takliflarni qo`llab-quvvatladi.

Yuqori martabali diniy arbob O`zbekiston bilan munosabatlarni nafaqat ta`lim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yo`lida Misr tomonining sa`y-harakatlari qat`iyligiga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar