AsosiyJamiyat

Mashinadan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor qilinishi taklif etildi

'Mashinadan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor qilinishi taklif etildi'ning rasmi

Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish to`g`risida murojaat "Mening fikrim" portalida joylashtirildi.

"Mashinasi bor odamlar yaxshi biladi. Bizda shunday tartib belgilanganki, oila a`zolari, yaqin qarindoshlar bir-birining mashinasidan maxsus ishonchnomasiz foydalana olmaydi. Soddaroq aytsak, bitta uyda, hovlida yashasak ham men otamning, otam mening nomimga rasmiylashtirilgan avtotransportdan foydalanishi uchun ancha vaqt va pul sarflab ishonchnoma olishimiz shart. Aka-ukalar, opa-singillar bilan ham xuddi shunday ahvol. Bu ham oilaviy byudjetga zarar, ham hujjat tayyorlash uchun ko`p vaqt sarflaysiz. Begona odamlarga ishonchnoma berishni tushunish mumkindir, lekin ota-ona bolasi, aka-uka, opa-singil bir-biriga ishonchnoma berishi, ochig`ini aytsak qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham to`g`ri kelmaydi", - deb yozgan murojaat muallifi.

Muallif fikriga ko`ra, 1990-yillarda mashina o`g`irlash bilan bog`liq voqealar ko`p edi. Balki o`sha paytda bu tizim o`zini oqlagandir. Lekin hozirgiday yurtimiz innovasion jihatdan rivojlanib borayotgan, "Xavfsiz shahar" tizimi ishga tushirilgan, yo`llarimizda videokameralar ishlab turgan paytda bunaqa ishonchnoma berish tartibiga zarurat bormikan.

Qayd etilishicha, avtotransport vositalaridan foydalanishda yaqin qarindoshlarning bir-biriga ishonchnoma berish tartibini bekor qilish kerak.

Bu ortiqcha qog`ozbozlikning oldini oladi, oilaviy byudjetga yordam bo`ladi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi.

    Boshqa yangiliklar