So`nggi vaqtlarda Turkiyaning dengiz sohilida joylashgan ta`til – dam olish maskanlaridagi shaharlarida Istanbul shahridan avtobus, mikroavtobus va engil avtotransport vositalari bilan qatnayotgan sayyohlar soni tobora ortib bormoqda va turizm mavsumi vaqtida haydovchilarning tezlikni oshirishi, kech vaqtlarda – kechalari yo`lga chiqishi va haydovchilarning avtomobil haydash vaqtida uxlab qolishi sabablari bilan avtohalokatlar soni tobora ortib bormoqda, deb xabar qilmoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati.
Turkiya Respublikasi Statistik qo`mitasi chop etgan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2017 yilda Turkiya avtomobil yo`llarida 1 202 716 avtohalokat sodir bo`lgan bo`lib, 300 383 kishi jarohatlangan va 7427 kishi qurbon bo`lgan. 2017 yilda avtohalokat oqibatida vafot etgan kishilarning 43,2 foizi haydovchilar, 34,2 foizi yo`lovchilar va 22,6 foizi piyodalardir. Avtohalokatlarning 67,4 foizi kunduz kuni, 30 foizi kechasi va 2,6 foizi kun botganida sodir bo`lgan.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, shuningdek, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash va ogohligini oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Turkiyaga sayyoh sifatida dam olish uchun yo`l olayotgan o`zbekistonlik sayyohlarga imkon qadar Toshkent – Antaliya – Toshkent, Toshkent – Istanbul – Antaliya – Istanbul – Toshkent aviaqatnovlari bilan borishlarini, Turkiyaning dengiz sohillarida joylashgan dam olish maskanlaridagi shaharlariga Istanbul shahridan avtobus yoki mikroavtobuslar bilan borish istagi bor sayyohlarga imkon boricha faqat kunduzgi vaqtlarda yo`lga chiqishlarini va haydovchining holati va sog`ligiga e`tibor berishlarini (uzoq yo`llarda qoida bo`yicha ikkita haydovchi bo`lishi kerak) tavsiya etdi.