AsosiyJamiyat

Yoshga oid toifa belgisi bo`lmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlandi

'Yoshga oid toifa belgisi bo`lmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlandi'ning rasmi

“Bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq bolalar o`rtasida tarqalishi cheklangan axborot mahsulotlariga:

  • shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo`ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa harakatlar tasvirlangan;
  • qo`rquv, vahima va sarosima uyg`otadigan;
  • jinsiy munosabatlar tasvirlangan yoki bayon etilgan;
  • uyatli so`zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so`zlar va iboralarni o`z ichiga olgan axborot mahsulotlari kiradi.

Yoshga oid toifa belgisi bo`lmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlanadi.

Etti yoshga to`lmagan bolalar uchun axborotlarga (0+) quyidagilar kiradi:

  • bolalarning sog`lig`i va rivojlanishiga zarar etkazmaydigan;
  • janri va syujeti ezgulik yovuzlik ustidan g`alaba qozonishi hamda zo`ravonlik qurboniga nisbatan rahm-shafqat ifoda etilgan axborotlar.

Etti yoshga to`lgan bolalar uchun (7+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

  • etti yoshga to`lmagan bolalar uchyn axborot (“0+”);
  • odam kasalliklari va ular oqibatlarining inson qadr-qimmatini kamsitmaydigan shakldagi naturalistik bo`lmagan axborot;
  • baxtsiz hodisa, avariya, falokat yoxud kuch ishatilmagan o`limning bolalarda qo`rquv, vahima yoki sarosima uyg`otishi mumkin bo`lgan oqibatlari namoyish etilmagan, naturalistik bo`lmagan axborot;
  • jamiyatga qarshi xatti-harakatlar va jinoyat sodir etishga undamaydigan jinoyatlarning epizodik tasviri yoki bayonini o`z ichiga olgan axborot maxsulotlari.

O`n ikki yoshga to`lgan bolalar uchun (12+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

  • (0+) va (7+) axborotlar;
  • shafqatsizlik va zo`ravonlikning qurboniga nisbatan rahm-shafqat va shafqatsizlik, zo`ravonlikka nisbatan salbiy, qoralovchi munosabat ifoda etilishi sharti bilan hayotdan mahrum etish yoki jarohat etkazish jarayoni natural ko`rsatilmagan axborot;
  • jamiyatga qarshi xatti-harakatlar sodir etishga undamaydigan axborotlar.

O`n olti yoshga to`lgan bolalar uchun (16+) axborotga quyidagilar kiradi:

  • (0+), (7+) va (12+) axborotlar;
  • baxtsiz xodisa, avariya, falokat, kasallik, o`limning bolalarda qo`rquv, vahima yoki sarosima uyg`otishi mumkin bo`lgan oqibatlari naturalistik ravishda namoyish etilmagan axborotlar;
  • narkotik vositalar yoki psixotrop va gangituvchi moddalar to`g`risidagi, ularni iste`mol qilishning xavfli oqibatlari to`g`risidagi, bunday vositalar yoki moddalarni iste`mol qilishga salbiy yoki qoralovchi munosabat ifoda etilishi yoki ularni iste`mol qilishning xavfli ekani haqida ogohlantirish mavjud bo`lishi sharti bilan shunday holatlarni ifoda etuvchi axborotlar;
  • uyatli so`zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so`zlar va iboralarni o`z ichiga olgan axborot;
  • jinsiy munosabatlarning jinsiy aloqaga nisbatan bo`lgan qiziqishdan foydalanmaydigan hamda qo`zg`atuvchi yoki haqoratlovchi tusga ega bo`lmagan epizodik naturalistik bo`lmagan axborotlar.

Bolalar o`rtasida tarqatilishi taqiqlangan (18+) axborotlar quyidagilarni o`z ichiga oladi:

  • bolalar hayotiga va sog`ligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga targ`ib qilishga undaydigan;
  • bolalarda alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar iste`mol qilish, qimor uyinlari, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishabozlik, daydilik, tilanchilik yoki g`ayriijtimoiy xatgi-harakatlarning boshqa shakllari bilan shug`ullanish istagini paydo qiladigan;
  • odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo`ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zo`ravonlik xatti-harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;
  • oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ`ib qiladigan;
  • g`ayriqonuniy xulk-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
  • jamiyatda buzg`unchilik g`oyalarini targ`ib etishga da`vat qiladigan;
  • uyatli so`zlarni o`z ichiga olgan;
  • pornografiya xususiyatiga ega bo`lgan axborotni o`z ichiga olgan;
  • g`ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to`g`risidagi axborotlar kiradi.

Axborot mahsulotining ekspertizasi Matbuot va axborot agentligi qaroriga ko`ra ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar