So`nggi paytlarda fuqarolar adliya organlariga murojaat etib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo`yilishi munosabati bilan ularga etkazilgan zararlar o`z vaqtida qoplanmayotganligini bayon etmoqda. Mazkur holatlar yuzasidan adliya organlari tomonidan tegishli o`rganishlar o`tkazilib, fuqarolarning Konstitusiya va qonunlar bilan belgilab qo`yilgan huquqlarini ta`minlash choralari ko`rilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati ma`lum qildi.
Jumladan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkasi olib qo`yilishi munosabati bilan Namangan shahrida yashovchi fuqaro U.Yusupovning uy-joyi buzilgan bo`lib, kompensasiya mablag`i o`z vaqtida to`lab berilmagan. Namangan shahar adliya bo`limi tomonidan fuqaro U.Yusupovning manfaatida sudga kiritilgan da`vo arizasi qanoatlantirilib, mulkdor U.Yusupovga 106 million so`m miqdorda kompensasiya mablag`i undirib berildi.
Xuddi shunday, Andijon, Farg`ona va Xorazm viloyatlaridagi tuman adliya bo`limlari tomonidan mulkdorlar manfaatida sudlarga kiritilgan da`vo arizalari qanoatlantirilib, fuqarolarning foydasiga jami 505 million so`m kompensasiya mablag`lari undirib berilishi ta`minlandi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor B.Otambetovning savdo do`koni binosi uchun to`lanishi lozim bo`lgan 163 million so`m kompensasiya mablag`i Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligining aralashuvi bilan tadbirkorga undirib berildi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkasi olib qo`yilishi munosabati bilan etkazilgan zararlar o`z vaqtida to`lanmay mulk huquqi buzilayotgan fuqarolar Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoni, vazirlikning Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasining bevosita 71-236-29-63 raqami yoki info@minjust.gov.uzelektron pochtasi orqali murojaat etish mumkin.






